Joriy yilning iyul oyida Jahon bankining O‘zbekistonga $46,2 mln yo‘naltirishi ma’lum qilingandi. Mablag‘lar energiya resurslari iste’molini va issiqxona gazlari emissiyasini kamaytirishga sarflanadi.

Prezident tomonidan bankning sanoat chiqindilarini kamaytirishga qaratilgan loyihasini amalga oshirish bo‘yicha qarori imzolandi.

Unda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun bankning $46,2 mln miqdoridagi mablag‘lari o‘zlashtirilishi qayd etilgan.

Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan mazkur loyiha quyidagi ikki komponentdan iborat:

  • $20 mlnlik moliyalashtirish miqdori bilan “Kamaytirilgan emissiyalarni sotib olish to‘g‘risidagi bitim”;
  • $25 mlnlik mablag‘ bilan yumshatish bo‘yicha sotib olish shartnomasi.

Birinchi kelishuvga ko‘ra, uglerod chiqindilarini kamaytirishning kelishilgan narxi 1 tonna uchun $15ni, ikkinchisiga ko‘ra esa 1 tonna uchun $30ni tashkil etadi.

Bundan tashqari, 1,2 mln moslashish va emissiyani qisqartirish global jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Yana $2 mln esa issiqxona gazlari reyestrini yaratish va monitoring, hisobot va tekshirish (MRV) tizimini rivojlantirishga sarflanadi.

Hujjatda qayd etilishicha, loyiha 2023-yildan 2028-yilgacha mamlakat bo‘ylab amalga oshiriladi.

Ikki oy muddatda yaratilayotgan “Yashil iqtisodiyot” onlayn platformasi doirasida issiqxona gazlarini ro‘yxatga olish, monitoring qilish, hisobot berish va tekshirish (MRV) tizimi bo‘yicha ma’lumotlar bazasini ishlab chiqish topshirildi.

2024-yil 1-iyulga qadar iqtisodiy faoliyat turlarini ekologik tasniflashning “yashil” taksonomiya tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Jahon banki bilan Toshkent-Andijon pullik avtomobil yo‘lining qurilishi yil oxirigacha boshlanishi haqida xabar berilgandi. Loyihaning umumiy qiymati $2,5 mlrdni tashkil etadi.