Talabalarni yotoqxonalar va ijara uylariga joylashtirish markazlari tashkil etiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Vazir Ibrohim Abdurahmonov Toshkentda joylashgan OTM rektorlari va prorektorlari bilan uchrashib, talabalar turar joylari masalasini muhokama qildi.

Unda yotoqxonalarni yangi o‘quv yiliga tayyor holga keltirish, moddiy-texnik bazasi bilan to‘liq ta’minlanishi, talabalar uchun ijara uylari bazasini yaratish va xonadonlar holatini o‘rganish kabi vazifalar ijrosi muhokama qilindi.

Bundan tashqari, talabalarning yotoqxonalar va ijara uylari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan ta’minlanishini yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqildi.

Vazir talabalar o‘quv yilida muammolarsiz yotoqxona va ijara uylariga joylashishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilishi bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tayyorlangan yotoqxonalar yong‘in xavfsizligi, qishga tayyorgarlik darajasi, liftlarining (mavjud bo‘lsa) sozligi va sertifikatsiyalanganligiga alohida urg‘u berish lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Toshkentdagi OTMlar hududlarida talabalarni yotoqxonalar va ijara uylariga joylashtirish markazlarini yo‘lga qo‘yish belgilanmoqda. Bunda ularda lider talabalar va tyutorlarning faoliyatini tashkil etishga kelishildi.

Avvalroq O‘zbekistonda sinov tarzida talabalar uchun universal bank kartalari joriy etilishi haqida xabar berilgandi.

Talabalar undan guvohnoma sifatida foydalanishlari mumkin. Shuningdek bank kartalari orqali yotoqxonalar, kutubxonalarga kirish, onlayn mikroqarzlarni rasmiylashtirish, xalqaro to‘lov tizimlari bilan integratsiya qilish kabi imkoniyatlar beriladi.