Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Fuqarolar uchun budjet” nashrida 2022-yilda budjet defitsitini qoplash manbalari haqida ma’lumot berdi.
O‘tgan yili konsolidatsiyalashgan budjetning umumiy daromadlari 286,5 trln so‘mni, xarajatlari esa 321,7 trln so‘mni tashkil etgan. Natijada, 35,2 trln so‘mlik budjet defitsiti shakllandi.
2021-yilga nisbatan konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi deyarli 10 trln so‘mga oshgan. Shu bilan birga, budjetning xarajatlar qismi belgilangan parametrlardan 41,6 trln so‘mga oshib, defitsit oshishiga olib keldi.
Vazirlik buni aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga qo‘shimcha xarajatlar, markazlashtirilgan investitsiyalar hajmini oshirish hamda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bilan izohlaydi.
Konsolidatsiyalangan budjet taqchilligini qoplash uchun tashqi va ichki moliyalashtirish manbalaridan foydalanildi. Budjet taqchilligining 60%dan ortig‘i xorijiy kreditlar hisobidan qoplandi.
Xususan, xalqaro moliya institutlari kreditlari va yevroobligatsiyalar chiqarish hisobidan 16,7 trln so‘m, davlat dasturlarini amalga oshirishga ajratilgan kreditlar hisobidan 5,7 trln so‘m yo‘naltirilgan.
Ichki moliyalashtirish manbalari 10,8 trln so‘mni tashkil etdi. Shundan 4,5 trln so‘mi xususiylashtirishdan tushgan tushumlar, 6,4 trln so‘mni davlat obligatsiyalarini chiqarish hamda 2 trln so‘mdan sal kamrog‘i bu yil boshidagi mablag‘lar qoldig‘i hisobidan qoplangan.
Avvalroq Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov joriy yilning birinchi yarmida davlat budjeti defitsiti salkam 30 trln so‘mga yetgani haqida ma’lum qilgandi.
Natijada ko‘rsatkich qonun bilan belgilangan YaIMning 3%idan ikki baravar oshgan. Dastlabki davrda YaIM 469,6 trln so‘mni tashkil etgani hisobga olinsa, budjet defitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 6,2%ni tashkil etadi.