Endilikda O‘zbekistonda yangi “inomarkalar"ni sotish faqat ularning rasmiy dilerlari tomonidan amalga oshirilmaydi.
Hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi tegishli qarorida bu haqda qayd etilgan.
Hujjat bilan, yangi import avtomobillarning faqat yuridik shaxslar ya’ni ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishi bekor qilinadi.
Shuningdek, elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish amaliyoti tugatiladi.
Tadbirkorning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va OAVda bu haqda e’lon berish talabi bekor qilinadi.
Bundan tashqari, soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.
Joriy yilning iyun yida prezident qarori bilan ayrim toifadagi avtomobillar uchun bojxona to‘lovlari kamaytirilishi belgilangandi.