Uchta xorijiy aviakompaniya O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi. Bu haqda “O‘zaviatsiya” agentligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xususan, agentlik hukumatlararo Bitim asosida Hindistonning “IndiGo”, Polshaning “LOT Polish Airlines” va Malayziyaning “Malindo Airways” aviatashuvchilariga parvozlarni amalga oshirish uchun Ekspluatatsion ruxsatnomalarini berdi.

“IndiGo” aviakompaniyasi Dehli-Toshkent-Dehli yo‘nalishida A-320NEO va A-321 NEO havo kemalarida aviaqatnovlarni amalga oshiradi.

2022-yilning noyabrdida Hindiston kompaniyasining O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yishi ma’lum qilingandi. Joriy yilning mart oyida aviatashuvchining parvozlari avgustdan boshlanishi hamda haftasiga to‘rt marta amalga oshirilishi haqida xabar berildi.

Joriy yil boshida Polshaning “LOT Polish Airlines” aviakompaniyasi Varshava-Toshkent-Varshava yoʻnalishida charter reysni amalga oshirishi ma’lum boʻlgandi.

Undan keyin aviakompaniya vitse-prezidenti Mixal Fiyol Varshava va Toshkent oʻrtasida muntazam qatnovlarni ham yoʻlga qoʻyish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

“O‘zaviatsiya” agentligining qayd etishicha, Polsha aviakompaniyasi Varshava-Toshkent-Varshava yo‘nalishidagi parvozlarni Boing-737−8MAX havo kemasida amalga oshiradi.

Shuningdek, agentlik Malayziyaning “Malindo Airways” aviakompaniyasiga Kuala Lumpur-Toshkent-Kuala Lumpur yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma berdi. Parvozlar A-330 havo kemasida olib borilishi qayd etilgan.

Kompaniyalar haqida

IndiGo” Hindistonning eng yirik yo‘lovchi aviakompaniyasi bo‘lib, 2006-yili tashkil etilgan. 2022-yilning avgust holatiga ko‘ra kompaniya bozor ulushi 57,7%ni tashkil etadi.

Loukoster jami 100 ta yo‘nalishga ega bo‘lib, shundan 74 tasi mahalliy va 26 tasi xalqaro yo‘nalish hisoblanadi.

LOT Polish Airlines” — shtab-kvartirasi Varshavada joylashgan Polsha aviakompaniyasi. Aviakompaniya dunyodagi qadimgi, yirik va vakillari koʻp alyans — “Star Alliance” a’zosi hisoblanadi.

Malindo Airways” — Malayziyaning premium aviakompaniyasi hisoblanadi. Bu nom Malayziya va Indoneziya nomlaridan kelib chiqqan ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik shartnomasini anglatadi.


2022-yilning noyabr oyida “Salam Air” aviakompaniyasiga O‘zbekiston va Ummon o‘rtasidagi havo qatnovini amalga oshirishga ruxsatnoma berilgandi.