Avgust oyi boshida prezident bir nechta davlat banklarini xususiylashtirish jarayoniga o‘zgartirishlar kiritishni ma’qullagandi..

Xususan, 2024-yilning yakunigacha “O‘zsanoatqurilishbank"dagi davlat ulushini 50%gacha tushirish belgilangan.

Bundan tashqari, quyidagi banklarning aksiyalarini xususiylashtirish va ommaviy joylashtirish muddati ko‘chirilmoqda:

  • “Qishloq qurilish bank” IPOsi 2024-yilning martigacha (ilgari — 2022-yilning oktabrigacha) amalga oshirilishi belgilandi;
  • “Agrobank”, “Aloqabank”, “Mikrokreditbank”, “Xalq banki”, “O‘zmilliybank” IPOsi 2025-yilgacha (ilgari — 2023-yilning iyuligacha) amalga oshirilishi shart;
  • “Asakabank"ni xususiylashtirish muddati 2025-yil oxiriga (ilgari — 2023-yilning oxiri) ko‘chirildi.

“Fitch Ratings” reyting agentligi to‘rtta yirik davlat banklarini xususiylashtirish istiqbollarini baholadi.

Agentlik hisobotida qayd etilishicha, “O‘zmilliybank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Agrobank” va “Asakabank” kabi davlat banklarining uzoq muddatli kredit reytinglari potensial davlat ko‘magi bilan bog‘liq va O‘zbekistonning suveren reytingiga tenglashtirilgan. Xususan,"O‘zmilliybank" va “Agrobank” iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini kreditlashda faol ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari, tahlilchilar O‘zbekiston hukumatining 2025-yil oxirigacha xususiylashtirish rejalariga qaramay, “O‘zsanoatqurilishbank” va “Asakabank"ning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini hisobga olishda davom etmoqda.

“Biz banklarni sotish xususiylashtirish yo‘l xaritasida ko‘rsatilganidan ko‘ra ko‘proq vaqt talab qilishini kutmoqdamiz, chunki ular hali ham biznes modelini o‘zgartirish jarayonida”, deyiladi agentlik hisobotida.

Reyting agentligining hisob-kitoblariga ko‘ra, har ikkala kredit tashkiloti ham kamida keyingi yil oxirigacha davlat tasarrufida qoladi. Bundan tashqari, davlat ularning likvidligini saqlab qolishda ularning sotilishidan oldin yetarlicha kapitallashganligiga ishonch hosil qilmaguncha yordam berishda davom etadi.

Shuningdek, “Fitch” agentligi davlat banklarini xususiylashtirish rejalari e’lon qilinganidan so‘ng davlat ularni qo‘llab-quvvatlash, banklarga kredit operatsiyalarini amalga oshirish va qo‘shimcha zaxiralarga bo‘lgan ehtiyojini qondirishda ko‘maklashishda tanlab olinganligini ta’kidlaydi.

“Xususiylashtirish uchun mo‘ljallangan banklar 2020-yildan beri yangi kapitalni qo‘lga kiritgan bo‘lsalar-da, bu asosan me’yoriy minimumga yaqinlashganda yoki majburiyatlarni buzish xavfi tug‘ilganda kapitalning etarliligi ko‘rsatkichlarini oshirish uchun qilingan”, — deydi ekspertlar.

Biroq, o‘rta muddatli istiqbolda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash siyosiy moliyalashtirishga jalb qilingan yirik banklar va sotiladigan kichikroq banklar o‘rtasida farqlovchi belgi bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Markaziy bank rahbati Mamarizo Nurmuratov nima uchun davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirilayotganiga javob bergandi.

“Fitch Ratings” agentligi joriy yilning iyul oyida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida Shavkat Mirziyoyev g‘alaba qozonganidan keyin O‘zbekistonning iqtisodiy istiqbollarini baholagandi.