Toshkent shahar hokimligi “Toshkent invest kompaniyasi” faoliyatini tashkil etish uchun mablag‘ ajratishni tasdiqladi. Tegishli hujjat E-Qaror portalida e’lon qilindi.

Bu maqsadlar uchun shahar hokimligining raqamli rivojlanish bo‘limiga $150 ming miqdorida mablag‘ ajratish bo‘yicha topshiriq berilgan.

Unga ko‘ra, mablag‘lar shahar budjeti zaxira jamg‘armasi hisobidan ajratiladi hamda Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi bilan birgalikda yangi tashkil etilgan kompaniya loyihalarini amalga oshirish uchun strategik maslahatchilarni tanlashga yo‘naltiriladi.

Poytaxt iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasiga mahalliy budjetga tegishli o‘zgartirishlar kiritish topshirildi. Farmon ijrosi hokimning moliya-xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Hotambek Shokirov zimmasiga yuklangan.

Avvalroq Toshkent shahrini 2030-yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan prezident farmoni qabul qilindi. 1 trln so‘m ustav kapitaliga ega davlat kompaniyasi poytaxt hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasida “ko‘prik” vazifasini o‘tashi qayd etilgan.

Kompaniya quyidagi joylarda davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish uchun javobgar bo‘ladi:

  • madaniyat va istirohat bog‘lari;
  • xiyobonlar, saylgohlar, bulvarlar, piyodalar o‘tish joylari;
  • kanallarning qirg‘oq hududlari;
  • ko‘priklar, yo‘l o‘tkazgichlar ostidagi hududlar;
  • yer usti metro liniyalari ostidagi hududlar;
  • yer osti o‘tish joylari;
  • yo‘lning qatnov qismi orasidagi hududlar.

Shuningdek, u munitsipal mulk obyektlari bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishish uchun javobgar hisoblanadi.

Kompaniya mazkur obyektlar hamda kichik sanoat zonalari uchun ijara haqining minimal stavkalarini bozor asosida belgilaydi.

2024-yildan munitsipal mulklarning har biriga nisbatan samaradorlikning muhim ko‘rsatkichlari belgilanadi va ularning bajarilishi “Toshkent Invest kompaniyasi” tomonidan monitoring qilinadi.

Avvalroq “Toshkent Invest kompaniyasi"ning rahbar lavozimlari uchun tanlov e’lon qilingandi.