“O‘zagroeksportbank” aksiyadorlari rebrendingni ma’qullashdi. Bu haqda korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilingan.

Xususa, joriy yilning 10-avgust kuni aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazilgan. Unda qabul qilingan qarorlardan biriga ko‘ra, kredit muassasasi “AVO bank” deb nomlanadi.

Bundan tashqari, bankning ruxsat etilgan aksiyalari miqdori 200 mlrd oddiy aksiyagacha oshirilmoqda. Har bir qimmatli qog‘ozning narxi 20 so‘mni tashkil etadi.

Yil boshida “O‘zagroeksportbank” ustav kapitalidagi 100% davlat ulushi “Support Level” xorijiy kompaniyasi tomonidan $5 mlnga sotib olindi.

Bundan tashqari, Bankning yangi egasi aksiyalar paketini sotib olish to‘lovini bir yo‘la to‘lab berish, bankning ustav kapitalini 29 mlrd so‘mdan kam bo‘lmagan qiymatga oshirish hamda infratuzilma, texnologiya va mahsulotlarini rivojlantirishga $50 mln miqdorida investitsiya kiritishi belgilangan.

Mazkur bankning davlat ulushini sotish haqida 2021-yilning may ma’lum qilingandi. Xarid qilish uchun ariza beruvchilarni saralashning birinchi bosqichi iyul oyida yakunlandi. Noyabr oyiga borib, “Sovkombank” mazkur bank aksiyalarining 100%ini sotib olish boʻyicha bitim tuzish rejalari haqida xabarlar tarqalgandi.

2022-yilning fevral oyida “Sovkombank” “O‘zagroeksportbank"ni $4 mln.ga sotib olish bo‘yicha kelishuv amalga oshirdi. Biroq, Rossiyaning ettita kredit muassasasi, shu jumladan “Sovkombank” ham sanksiyalar ostida qolishi natijasida, iyun oyida bank rahbari o‘rinbosari Sergey Xotimskiy O‘zbekiston banki xaridi bekor qilinganini ma’lum qildi.


Avvalroq “Fitch Ratings” reyting agentligi to‘rtta yirik davlat banklarini xususiylashtirish istiqbollarini baholagani haqida xabar berilgandi.