O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
2017-yilning oktabrida hukumatning bojxona chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida ikki yo‘lakli tizimni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashga oid qarori qabul qilingan.
Joriy yilning avgust oyida hukumatning tegishli qarori bilan mazkur hujjatga bojxona ma’murchiligini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Hujjat bilan, mamlakat xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘nalishida masofaviy bojxona nazorati tizimini tatbiq etish belgilangan.
Davlat rahbarining 2022-yilning aprel oyida qabul qilingan tegishli farmonida ham mazkur tizimni joriy etish nazarda tutilgan.
Masofaviy bojxona nazorati maxsus ajratilgan joylarda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali joriy etiladi. Tizim uchib ketayotgan yo‘lovchilarni maxsus ajratilgan joylarda xavfni boshqarish tizimidan foydalanib, tanlab olish tamoyili asosida hamda vizual kuzatuvni amalga oshirish orqali bojxona nazorati va rasmiylashtiruvidan o‘tkazishni ta’minlaydi.
Xalqaro aeroportlarining uchib ketish yo‘nalishida jismoniy shaxslarning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish va ularga bojxona qonunchiligi bo‘yicha tushuntirishlar berish uchun yo‘lovchilar harakatiga ta’sir qilmaydigan alohida bojxona rasmiylashtiruvi joyi tashkil etiladi.
Bojxona rasmiylashtiruvi joyi davlat tilida, rus va ingliz tillarida “Bojxona”, “Tamojnya” va “Customs” yozuvlari bo‘lgan maxsus grafik belgi bilan belgilanadi.
Mazkur tizim joriy etilgan xalqaro aeroportlarda jismoniy shaxslar va ularning qo‘l yuklari bojxona organlari tomonidan bojxona nazoratidan o‘tkazilmaydi. Ayrim hollardagina bojxona nazoratidan o‘tkaziladi.
Shuningdek, tegishli hujjatda masofaviy bojxona nazorati tizimiga qo‘yiladigan talablar ham belgilab olingan.