Qozog‘iston Rossiyadan O‘zbekistonga 1,5 mlrddan 10 mlrd kubometrgacha tabiiy gaz yetkazib berishni muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev so‘zlariga tayanib, “TASS” nashri xabar berdi.
“Hozir biz indikativ ma’noda 1,5 mlrd kubometrdan 10 mlrd kubometrgacha gaz tranzitini muhokama qilmoqdamiz. Bunda O‘zbekiston energetika tizimining tayyorligiga, rossiyalik hamkasblarning zarur hajmda gaz eksport qilishga tayyorligiga qarab [ta'minot hajmini] yanada oshirish mumkin bo‘ladi”, — degan Satkaliyev.
Uning fikricha, Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali. Bu “Qozoqgaz"ning ichki bozorga ko‘k yoqilg‘i yetkazib berishdagi zararini qoplash imkonini beradi.
“Bu Qozog‘iston uchun tranzitdan qo‘shimcha daromad olish bilan bog‘liq. Biz gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, — dedi Qozog‘iston rasmiysi.
Shunday qilib, qo‘shimcha daromadni investitsiya dasturiga, xususan, ta’mirlash dasturiga yo‘naltirish rejalashtirilgan.
“O‘zGazTrade” va “Gazprom Eksport” o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz yetkazib berish yiliga 2,8 mlrd kub metrni tashkil etadi.
“QazaqGaz” kompaniyasi oktabr oyidan O‘zbekistonga Rossiya gazini tashishni boshlashi haqida xabar berilgandi. “Markaziy Osiyo — Markaz” gaz quvuri bo‘yicha texnik ishlar 1-oktabrgacha yakunlanishini ma’lum qilingan.
Avvalroq Turkmaniston “gaz ittifoqi"ning Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida kengayishi mumkinligi haqidagi xabarlardan xavotir bildirgandi.
Bunga javoban esa Qozog‘iston Energetika vazirligi Rossiya va O‘zbekiston tomonidan gaz bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish borasida rasmiy takliflar bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Uch tomonlama hamkorlik
2022-yil noyabrida Rossiyaning O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan “gaz ittifoqi"ni tuzish taklifi ma’lum bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalari uning maqsadlari qatorida gaz tranziti va uni boshqa bozorlarga, xususan, Xitoyga yetkazib berishni muvofiqlashtirishi bo‘yicha yozdi.
O‘tgan yilning dekabr oyi oxirida Aleksandr Novak Markaziy Osiyoga gaz yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar davom etishini ma’lum qilgandi. Yanvar oyiga kelib, O‘zbekiston “Gazprom” bilan hamkorlik qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi"ni imzoladi.
Shundan so‘ng, Energetika vazirligi bu bo‘yicha izoh berib, tomonlar o‘rtasida tuzilgan Ishchi guruh Qozog‘iston va O‘zbekiston hududidan o‘tuvchi “O‘rta Osiyo — Markaz” gaz quvuri orqali gaz tranzitini amalga oshirish uchun zarur bo‘ladigan texnik chora-tadbirlarga va o‘rganishga kelishib olingani hamda gaz transport tizimi kimgadir berilishi yoki suverenitetga qandaydir tahdid yo‘qligi qayd etildi.
Fevral oyida “Gazprom” bilan hamkorlikning navbatdagi bosqichini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgandi.
Aprel oyi oxirida Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Rossiyadan O‘zbekistonga gaz “Markaziy Osiyo-Markaz” gaz quvuri orqali yetkazilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi.
May oyida Qozog‘iston hukumati Rossiya gazining o‘z hududi orqali O‘zbekistonga tranzitini amalga oshirish masalasini muhokama qilayotgani xabar qilindi.