Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov yaponiyalik ishbilarmonlar delegatsiyasini qabul qildi, deya xabar berdi “UzA” nashri.

Farg‘ona shahridagi 1 gektar maydonda Yapon tibbiyot va sog‘lomlashtirish shaharchasini barpo etish rejalashtirilgan. “NAGAI Clinic” kompaniyasi rahbari Koji Nagai bilan loyihaning amaliy bosqichlari muhokama qilindi.

Xususan, bo‘lajak shaharchada 11 ta turli yo‘nalishdagi klinikalar, 2 ta dorixona, 20 ta sog‘lomlashtirish muassasalari, massaj, fitnes kabi sport-sog‘lomlashtirish markazlari hamda tibbiy ta’lim va sog‘lom turmush tarzini o‘qitishga qaratilgan o‘quv markazlari bo‘lishi ta’kidlanmoqda.

Shaharchaning dastlabki loyiha qiymati $8,7 mlnni tashkil etib, to‘liq Yaponiya investitsiyasi hisobiga amalga oshiriladi.

Qayd etilishicha, shaharcha hududida mamlakatning go‘zallik va salomatlik mahsulotlari savdosida yetakchi bo‘lgan “DAISO” savdo brendi supermarketini joylashtirish bo‘yicha muzokaralar yakuniga yetib qolgan.

Uchrashuvda hokimlik hamda “NAGAI Clinic” kompaniyasi o‘rtasida mazkur loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi. Shuningdek, kompaniyaga Farg‘ona viloyatida xorijiy korxona sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma topshirildi.

Shuningdek, tibbiyot shaharchasidan tashqari viloyatda qiymati $15 mlnlik “Shogun city” yapon bog‘i, mehmonxona hamda restoranlar majmuasi qurilishi belgilangan. Uning umumiy maydoni 3 gektarni tashkil etadi.

Joriy yilning oktabrida “Micado Development” kompaniyasi tomonidan “Fergana Shogun” majmuasi qurilishi boshlanishi qayd etilgan. jarayonlari ham muhokama qilindi. Majmuaning mehmonxona qismida xonalar soni 100 taga oshgani, savdo va ovqatlanish shoxobchalari sig‘imi kengaytirilgani ma’lum qilindi.


Avvalroq Koreya eksport-import banki O‘zbekiston tibbiyot sohasini yaxshilashga $74 mln yo‘naltirishi ma’lum qilingandi.