“Spot” xodimlari uchun eng qulay sharoitlarni yaratib beradigan turli kompaniyalarning ish joylari haqida turkum materiallarni davom ettirmoqda.

Biz nega menejment bunga sarmoya kiritayotgani, xodimlar uchun qanday afzalliklar borligi va korporativ madaniyatni kuchaytirish nega zarurligini o‘rganamiz.

Avvalgi materiallarimizda “Humans”, “TBC” hamda “CLICK” ofislari bilan tanishgan edik.

Bu safar “Express24” ofisiga tashrif buyurdik. Mazkur IT-kompaniya 1000 dan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari va 150ta do‘kondan taom va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish bilan shug‘ullanadi.

O‘rtacha yetkazib berish vaqti 38 daqiqani tashkil etadi. Agar oldin barcha buyurtmalar avtomobilda yetkazib berilgan bo‘lsa, hozir piyoda va velosipedda yetkazib berish ulushi umumiy hajmning 20%ini tashkil etadi.

Xizmat oltita shaharda faoliyat yuritadi: Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Farg‘ona, Qo‘qon. Xodimlari soni 170 tadan ortiq.

“Express24” asoschisi Akmal Payziyev, kadrlar bo‘yicha direktor Aleksandr Podoynitsin va operatsion direktor Aleksey Shitov “Spot"ga bergan intervyusida kompaniya ofisi qanday tashkil etilgani, uni yo‘lga qo‘yish qancha turishi, korporativ madaniyatni shakllantirishda qanday tamoyillarga amal qilinishi va xodimlarni hunting qilinishiga qanday munosabatda ekanligi haqida so‘zlab berishdi.


Yangi ofisga ko‘chib o‘tish haqida

Biz “Express24"da ish boshlaganimizda, jamoada 15 kishi bor edi. Keyin xodimlar kengaya boshladi va ofisdagi barcha xodimlar uchun joy yetarli bo‘lmay qoldi. Shuning uchun qo‘shimcha binolarni olish kerak edi. Natijada, xodimlar uch xil binoda o‘tirishdi.

Bu esa noqulaylik tug‘dirdi, shuning uchun biz deyarli barcha xodimlar to‘rt oy oldin ko‘chib o‘tgan yangi binoni bitta ofis qildik. Hozir faqat logistika alohida, chunki ular alohida sharoitni talab qiladi.

Ofisimiz Yakkasaroy tumanida joylashgan bo‘lib, uni jihozlash uchun $100 mingdan ortiq mablag‘ sarflangan. Bu hudud esa har qanday transportda borish qulay bo‘lishi uchun tanlangan.

Biz binoning eng yuqori uch qavatini egallaganmiz: 4−5-qavatlarda rivojlanish va marketing bo‘limi, 3-qavatda HR, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, bozor va do‘konlar bilan ishlash bo‘limlari joylashgan.

Ofis tinchlantiruvchi iliq ranglarda taqdim qilingan bo‘lib, brendning yorqin sariq ranglari devor, kreslo, stul va boshqalarda aks etgan. Devorlarda esa sun’iy intellekt yordamida yaratilgan foto oboylar mavjud.

Xodimlarning aksariyati openspeys’da ishlashadi. Agar alohida ishlash kerak bo‘lsa, jimlikda ishlash mumkin, ya’ni phone boxes — ovoz o‘tkazmaydigan kichik kabinalar mavjud.

Shuningdek, stulda yoki bin-bagda o‘tirib ishlash mumkin.

Biz xodimlarimizning sog‘lig‘i haqida g‘amxo‘rlik qilishga harakat qilamiz, shuning uchun ham yaqinda dasturchilar uchun tananing bel qismini qo‘llab-quvvatlash funksiyasiga ega super-stullarni xarid qildik.

Jamoaviy ishlar uchun keng miting-room mavjud, rahbarlar esa o‘z xonalariga ega.

Ofisda dam olish xonasi ham mavjud, u yerda siz, masalan, uxlash yoki meditatsiya qilishingiz mumkin. Xodimlarning 80%i musulmonlar bo‘lgani uchun ular uchun namozxona qurildi.

Barcha xodimlar ayvonga kirishlari mumkin, u yerda siz belanchakda tebranish, turnikda belni cho‘zish, toza havoda nafas olib, ishdan dam olish mumkin.

Dasturchilar uchun stol o‘yinlari va x-box mavjud. Vaqti-vaqti bilan xodimlar mafiya o‘ynab turishadi, ichki UFC turnirlari tashkillashtiriladi. Har bir qavatda foydali kitoblar bilan jihozlangan mini kutubxonalar tashkil etilgan.

Har bir qavatda qahva mashinasi bilan jihozlangan oshxona mavjud. Shuningdek, har kuni to‘ldirilib turiladigan meva va gazak savatlari ham bor.

Biz yangi sheriklarimiz bilan hamkorlik o‘rnatganimizda ofisda taomlarni tatib ko‘rish imkoniyatini yaratishni rejalashtiryapmiz. Shuningdek, xodimlarimiz uchun “Express24” oziq-ovqat yetkazib berishni bepul qilishni xohlaymiz.

express24, ofislar

Aloqa markazidagi yigitlarga bepul tushlik taqdim etiladi: asosiy taom, issiq taom, salat va ichimlikdan iborat biznes tushlik.

Korporativ madaniyat va qadriyatlar haqida

Asosiy maqsadimiz — o‘zimiz zavq bilan foydalanadigan mahsulotni yaratish. Odamlar biz yaratgan narsalardan zavqlansa, bu bizni ilhomlantiradi.

Shuningdek, biz iste’molchilarni, restoranlarni, do‘konlarni hamda kuryerlarni birlashtiramiz. Va mijozlarning har bir segmentiga foyda keltirishga harakat qilamiz — mijozlarga taom yoki oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi, hamkor kompaniyalar (kafelar, do‘konlar) daromadini oshirishga, kuryerlarga esa bundan pul ishlab topishga yordam beramiz.

Bunda ishonch biz uchun muhim: barcha mijozlar bilan kelishuvlarga amal qilamiz.

Jamoada bag‘rikenglik muhitini yaratganmiz — bizda turli mamlakat va madaniyat vakillari ishlashadi va barchasi bir-birini hurmat qilishadi.

Qolaversa, gender tenglik tamoyiliga ham amal qilamiz: kompaniyada 40% ayollar va 60% erkaklar faoliyat yuritishadi. Ammo hali ham erkak dasturchilar soni ko‘proq, marketing bo‘limida esa, aksincha, asosan ayollar soni yetakchi.

Yana bir asosiy qadriyatlarimizdan biri — mijozlarga bo‘lgan e’tibor. Bu ta’rifni har kim har xil tushunadi. Biz uchun bu mijozlar kutishlaridan o‘zib ketish, ya’ni shunchaki bozorda mavjud narsalarni emas, balki hali mavjud bo‘lmaganlarini ham taklif qilishdan iborat.

express24, ofislar

Mehnat sharoiti haqida

Bizda aniq ish soatlari yo‘q. Masalan, tijorat bo‘limi ertalab soat 11da kelishsa, dasturchilar — biroz oldinroq.

Odamlar turli joylarda ishlashlari mumkin, shuning uchun ham bizning uchrashuvlarimizning aksariyati onlayn tashkillashtiriladi.

Shunga qaramay, biz butunlay masofaviy ish tarafdori emasmiz, chunki boshqaruvchi ish qanday ketayotganini, kim, qanday sabablarga ko‘ra ishda yo‘qligini tushunishi kerak.

Boshqaruv jamoasi 24/7 aloqada, vaqti-vaqti bilan xodimlardan kerak bo‘lganda yordam so‘raymiz. Bizda yana shunday xususiyatlar mavjudki, odamlar doimo ovqatlanishni xohlashadi, shuning uchun ish to‘xtamaydi.

Ishda eng muhim narsa — bu maqsadlarning aniq bajarilishi. Shuning uchun ham OKR (Objectives and Key Results “maqsadlar va asosiy natijalar”) — tashkilot darajasida maqsadlar va asosiy natijalarni belgilash, sinxronlashtirish va monitoring qilish usulidan foydalanamiz. Bu sizga xodimlarning motivatsiyasini oshirish, ishni tezlashtirish va ustuvor maqsadlarga e’tiborni qaratish imkonini beradi.

OKRning KPIdan asosiy farqi shundaki, birinchisi ko‘proq natijadorlikka, ikkinchisi esa samaradorlikka bog‘liq.

Umuman olganda, kompaniyaning to‘rtta strategik maqsadi bor. Ularga muvofiq, har bir bo‘lim uchun ko‘rsatkichlar (Key Results) aniq belgilangan. Har bir ko‘rsatkichning bajarilishi kompaniyaning global maqsadga erishishiga umumiy hissa qo‘shadi va faollikni oshiradi. Bu jamoa bo‘lib yaxlit ishlash va o‘zaro muloqot madaniyatini oshirish imkonini beradi.

Rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va karyeraning o‘sishi

Kompaniyada talaba-xodimlarning ta’lim olishlari uchun foizsiz kredit tizimi mavjud.

Katta talabga ega kompaniya kutubxonasi kengayishda davom etmoqda: kitoblarning 80%i doimo qo‘lda. Adabiyotlar xilma-xil: dasturlash tillaridan tortib marketing va psixologiyagacha.

Agar xodim qandaydir treningdan o‘tishi kerakligini tushunsak, HR bilan birgalikda individual dastur tuzib, mos kurslarni topamiz.

Bizda aniq keyslar bor, call-markazi xodimining test qiluvchi bo‘lib o‘sishigacha. Talabalarning universitetda dasturchi sifatida o‘qib yurib, call-markazda ish boshlaganlari va o‘qishni tugatgandan so‘ng ishlab chiqarish bo‘limiga o‘tganlari haqida ko‘p hikoyalar mavjud. Menejerlarning ko‘p qismi dasturchi pozitsiyasi bilan o‘sgan.

express24, ofislar

Bek-ofisda shunga o‘xshash misollar mavjud. Bir xodim sayt uchun matnlar yozardi, keyin u mijozlar bilan muloqot qilishni boshladi, undan so‘ng esa rahbar o‘rinbosari bo‘ldi va hozir uning o‘zi ham rahbar.

Umuman olganda, oddiy xodimdan rahbarlik lavozimiga qadar bo‘lgan yo‘l ikki yilni tashkil etadi. Bularning barchasi insonning malakasi va motivatsiyasiga bog‘liq.

Shu bilan birga, so‘nggi bir yil ichida biz 10 nafar chet ellik xodimni ishga oldik, chunki mahalliy mehnat bozorida munosib xodimlarni topa olmadik: tahlilchilar, operatsion direktor, mahsulot menejeri, HR-direktori. Ularning ishlashayotganiga bor-yo‘g‘i bir yil bo‘lmoqda, ammo natijalar ko‘p kuttirmadi.

Ularda ko‘proq tajriba, ishbilarmonlik intizomi va nisbatan yuqori samaradorlik bor, ko‘pincha mahalliy mutaxassislarda bular yetishmaydi. Umuman olganda, chet ellik ishchilar umumiy xodimlar sonining taxminan 10%ini tashkil etadi.

Har olti oyda biz ENPS (Employee Net Promoter Score) o‘zgarishlarini o‘lchaymiz. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu indeks xodimlarning kompaniyadagi ishlaridan qoniqishini ko‘rsatadi.

Hunting darajasi bozordagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan past. Aytishimiz mumkinki, odamlar bizning kompaniyamizda ishlashni va rivojlanishda davom etishni xohlashadi.

“Yandex” va “Uzum” paydo bo‘lishi bilan bozorda raqobat kuchaydi. Xodimlarni jalb qilish hollari tez-tez uchragan.Aksariyat “Express24” xodimlari kompaniya uchun ba’zi maqsadlarga erishish, o‘ziga xos narsalarni yaratish uchun ishlashadi. Bizda o‘zini namoyon etishlari uchun barcha sharoit bor.

Odamlar qiziqarli vazifalar uchun kelishadi va shu sabab ular tezda o‘sishadi. Shu bilan birga, hamma ham va har doim ham yuqori maosh bo‘lishidan qat’i nazar raqobatchilarga borish qiziq emas.