O‘zbekistonda o‘tkaziladigan “mGovAward” tanlovining uchinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi, “IT Park” hamda BAA hukumati bilan hamkorlikda tashkil etilgan tanlov mobil ilovalarni ishlab chiqishga qaratilgan.

Unda OTM talabalari hamda umumta’lim va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.

Loyiha yangi texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlaydigan va odamlar hayotini yaxshilashga yordam beradigan g‘oyalarni joriy etishga qaratilgan.

Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar uch daqiqalik video va mobil ilovaning ishlaydigan MVP variantini taqdim etishi kerak. Bir jamoadagi ishtirokchilarning minimal soni 3tadan oshmasligi zarur.

Shu bilan birga, bitta loyiha turli yo‘nlisharda ishtirok eta olmaydi va taqdim etilgan ilova to‘liq funksional bo‘lishi kerak.

Tanlovning oldingi davrlarida taqdim etilgan loyihalar faqat asosiy yangilanishlar va takomillashtirishlar taqdim etilgan va asoslantirilgan taqdirdagina ko‘rib chiqiladi.

Ishtirok doirasida tanlov qatnashchilari quyidagi 8ta yo‘nalishdan birida davlat sektori uchun mobil ilovani ishlab chiqishlari kerak:

  • transport va logistika;
  • ma’lumotlarga asoslangan qarorlar;
  • ta’lim;
  • tadbirkorlik;
  • inson resurslari va farovonlik;
  • ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • turizm.

Tanlov mukofotining umumiy miqdori $100 mingni tashkil etadi hamda 3ta o‘rin o‘rtasida taqsimlanadi. Xususan, 1-o‘rin — $50 ming, 2-o‘rin — $30 ming, 3-o‘rin — $20 ming miqdorida taqdirlanadi.

Unda ishtirok etish uchun arizalarni joriy yilning 1-oktabrigacha havola orqali jo‘natish kerak.

Batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq “MGIMO Ventures Tashkent” akseleratsiya dasturiga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi.