“Ohangaron Tech Industrial” texnoparki ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida hukumat qarori qabul qilindi.

Gap mis va noyob metallardan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni subsidiyalash tartibi haqida bormoqda. Prezident 2022-yilning iyun oyida bu bo‘yicha tegishli qarorni qabul qilgandi.

Energiya va suvni tejash, mehnat unumdorligi, ishlab chiqarish va mahsulot sifatini raqamli boshqarish sohalarida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalariga sarflangan xarajatlarning 50% miqdori qoplab beriladi. Xarajatlarning maksimal miqdori 1 mlrd so‘mdan oshmasligi kerak.

Shuningdek, loyihalashtirish, injiniring xizmatlari va ilmiy-tadqiqot ishlari bilan bog‘liq texnologiyalar transferi qiymatining 20%ini budjet mablag‘lari hisobidan qaytarib beriladi. Buning uchun Mis sanoati klasterining savdo portali orqali murojaat qilish mumkin bo‘ladi.

Subsidiya uchun kompaniya yuridik shaxs isfatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan bo‘lishi hamda texnopark ishtirokchisi bo‘lishi, mis va noyob metallar xomashyosini qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishni o‘zlashtirgan bo‘lishi kerak.

Bundan tashqari, ilmiy-tadqiqot ishlari va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarini yaratish bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lish kabi talablar mavjud.

Murojaatchi o‘z arizasida quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak:

  • pochta manzili;
  • STIR;
  • telefon (faks) raqami;
  • xizmat ko‘rstauvchi bank nomi hamda hisobvaraq raqami;
  • ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalari haqida ma’lumot;
  • ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalarning turli xususiyatlaru hamda sifatini tasdiqlovchi hujjatlar;
  • ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlanmalar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar.

Arizalar Geologiya, kon-metallurgiya va misni qayta ishlash sanoatini rivojlantirish loyiha ofisiga topshiriladi. Ofis 5 ish kuni ichida taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishi, agar ma’lumotlar yetarli bo‘lmasa, bu haqda ariza beruvchini xabardor qilishi kerak.

Ma’lumotlar yetarli bo‘lsa, ariza Innovatsion rivojlanish agentligiga taqdim etiladi hamda 15 ish kuni ichida hujjatlarni ko‘rib chiqilib, ilmiy ekspertiza xulosasi beriladi.

Loyiha idorasi 5 ish kuni ichida Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligiga kompensatsiya to‘lash bo‘yicha so‘rov yuboradi. To‘lov arizachi kompaniyaning bank hisob raqamiga bir oydan kechiktirmay kelib tushishi kerak.


Avvalroq “Yangihayot” industrial texnoparki klaster tizimiga o‘tkazilib, 500 gektar maydonda 810 ta korxona joylashtirilishi hamda 100 mingta ish o‘rni yaratilishi haqida xabar berilgandi.