Shavkat Mirziyoyev transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘tgan oyda davlat rahbari Toshkent-Sharqiy aeroporti qurilishini borib ko‘rgandi. Unda berilgan topshiriqlar asosida majmua bosh rejasi samaradorlik jihatidan takomillashtirildi.

Xususan, aeroport hududi 130 gektarga qisqartiriladi, natijada, uni saqlab turish xarajatlari ham kamayadi.

Hozirda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurib bo‘lingan. Bu yerda 2 ta — yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya terminali bo‘ladi. Shuningdek, 25 ta samolyot uchun turargoh, angarlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etiladi.

Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.

Toshkent shahri rivojlangani sari aholi soni ham, ularning faolligi ham oshib borayotgani hamda buni shaxsiy avtomobillar ko‘payib borayotganida ko‘rish mumkinligi ta’kidlangan. Lekin, shu bilan birga, shahar ko‘chalarida tirbandlik ham ortmoqda.

Tirbandlikni hal etish yo‘li — jamoat transportini rivojlantirish, unda yurishni avtomobil haydashdan ko‘ra qulay qilish. Shu maqsadda, Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, Toshkent shahriga yangi avtobus va elektrobuslar olib kelindi. Yo‘lovchi tashish quvvati oshib, jamoat transportining oraliq vaqti qisqardi.

Shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Maqsad — odamlar shaxsiy avtomobilini shu yerda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.

Shuningdek, taqdimot davomida mamlakatda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. Jumladan, poytaxtda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integratsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya tarmog‘ida jami quvvati 13 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, iste’molni aqlli boshqarish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va rejalari to‘g‘risida ham axborot berildi.

Poyaxt iqtisodiyotining 34%dan ortig‘i sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili 110 trln so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, oziq-ovqat, metallurgiya, to‘qimachilik tarmoqlarida o‘sish yuqori bo‘lgan.

Bu sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida “Yangihayot” industrial texnoparkini klaster tizimiga o‘tkazish taklifi bildirildi. Uning maydoni 500 gektar bo‘lishi, 810 ta korxona joylashtirilishi va 100 mingta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan.

Klaster tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida ishlab chiqarish sifati oshib, transport xarajatlari va tannarxni kamaytirishga erishilishi qayd etilgan.


Avvalroq prezident raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya bilan ta’minlash bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.