“Uzbekistan Airports” kompaniyasi “Toshkent-3” mahalliy aviaqatnovlar terminali oldidagi maydonni rekonstruksiya qilishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uning natijasida avtotransport vositalarining terminal oldiga kirishi soddalashtiriladi. Bunda quyidagilar uchun uchta alohida yo‘lak ajratiladi:

  • aeroportning rasmiy taksilari;
  • sayyohlik avtobuslari va mikroavtobuslar;
  • hududga 5 daqiqagacha kirishga ruxsat berilgan barcha avtomobillar.

Avtomobillarning odamlarni kutib olish va kuzatish yo‘lagi xalqaro aviaqatnovlar terminalidagi yo‘l o‘tkazgich (estakada) tamoyili asosida ishlaydi.

Shuningdek, avtomobillarning yo‘lakda turish vaqti 5 daqiqadan oshib ketsa, o‘rnatilgan va YHXB bilan integratsiyalashgan kameralar qoidabuzarlarga avtomatik ravishda jarimalar yuboradi.

Rekonstruksiya ishlarini joriy yilning avgust oyi oxirigacha yakunlash rejalashtirilgan. 2024-yilgacha O‘zbekistondagi barcha xalqaro aeroportlarning terminal atrofi hududlarini rekonstruksiya qilish belgilangan.

2022-yilning sentabrida Toshkent xalqaro aeroportida uchta avtoturargoh qayta ochildi hamda to‘xtash lokatsiyasi va to‘xtab turish davomiyligiga qarab tariflar belgilandi.

Avvalroq Toshkent aeroportida uchta taksi xizmatini ishga tushirish bo‘yicha auksion e’lon qilingandi. Taksi operatorlari aeroportning umumiy uchish zali, CIP uchib kelish zali hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalining kelish zali uchun alohida tanlanadi.