“Qishloq qurilish banki” “Biznesni rivojlantirish banki"ga aylantiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Mazkur yangi bankning faoliyati va ishlash uslubi hamda moliyalashtirish mexanizmlari yangicha bo‘ladi.
Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazlari tashkil etiladi.
Markazlar tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
Hududlardagi kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlarda moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, kichik biznes loyihasining 10%iga tadbirkor investitsiya kiritsa, 45%iga “Biznesni rivojlantirish banki"ning o‘zi, qolgan 45%i uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.
Kreditlar tadbirkorlarga 5−7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning $200 mlni bo‘yicha kredit liniyalari 1-oktabrdan ochiladi.
O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50%ga kamaytiriladi.
Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xom-ashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi.
Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Kichik biznes markazlari ko‘magida loyiha tashabbuskori va yirik davlat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalari o‘rnatiladi. Bunda yangi korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, xodimlar malakasini oshirish va mahsulotini realizatsiya qilishga markazlar yordam beradi.
Shu bilan birga ushbu korxonalarga davlat xaridlari tizimida o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni 2 yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bilan sotishga ruxsat beriladi.
Kichik biznes markazlarini boshqarishga xususiy sheriklar jalb qilinadi. Ushbu tadbirkorlarga “Biznesni rivojlantirish banki"ga ulushdor bo‘lib kirish huquqi beriladi. Markazlarga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.
Bunda biznes-konsultant, muhandis-texnolog, dizayner, mehmonxona boshqaruvchisi, marketolog, agronom, veterinar, urug‘shunos kabi xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma berish muddati hozirgi 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi.
Ishlashga ruxsatnoma to‘lovi esa hozirgi 10 mln so‘mdan 330 ming so‘mga tushiriladi. Ularga hududiy mehnat organidan ishga jalb etish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa olish talab qilinmaydi.