Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalarning faoliyati va ishlash usuli tubdan o‘zgartiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi.
Endilikda Tadbirkorlik jamg‘armasi xizmat ko‘rsatish, “yashil” va energiya samarador loyihalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi esa sanoat loyihalari uchun mas’ul bo‘ladi.
Jamg‘armalarni boshqarishga malakali xorijiy menejerlar olib kelinadi va budjet mablag‘lari bilan cheklanib qolmaydi, ularga mustaqil investitsiya jalb qilish vakolati beriladi.
Bu orqali kelgusi bir yilda ushbu jamg‘armalar o‘rta biznes uchun qo‘shimcha $1 mlrd mablag‘ olib keladi.
Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan 1-sentabrdan boshlab:
- yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5%, milliy valyutada 10% stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi;
- sanoat korxonalariga 1 yil muddatgacha xorijiy valyutada 4%, milliy valyutada 10%stavkada aylanma mablag‘ taqdim etiladi. Bunda, olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15%lik avans to‘lovlari ham jamg‘arma tomonidan kredit qilib beriladi;
- marketing, loyihalashtirish, xorijiy mutaxassis jalb qilish xarajatlarining $20 minggacha qismiga kompensatsiya to‘lanadi.
Bundan tashqari, sanoat ipotekasi tizimi yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi.
Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi.
Sanoat zonalarida ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, investitsiya majburiyatlari bajarilgandan so‘ng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
O‘rta korxonalar faoliyatini kengaytirishi uchun ularga yangi investor va brendlarni jalb qilishga ko‘maklashish zarur.
Shu bois, agar korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga yangi tashkil qilingan Sanoat jamg‘armasi 25%igacha kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin bo‘ladi.
Tadbirkorlik jamg‘armasi iqtisodiyotning yana bir drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasiga mas’ul bo‘ladi.
Jamg‘armaga salohiyatli o‘rta biznes korxonalariga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda jamg‘armaga qo‘shimcha $25 mln, kelgusi yilda yana $100 mln ajratiladi.
Shu bilan birga jamg‘arma tomonidan o‘rta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi.
Jamg‘arma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi. Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg‘i shoxobchasi, kemping kabi obyektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.
Shuningdek, jamg‘arma tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish obyekti uchun yer sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablag‘i uchun ham resurs ajratadi.
Bu ikkita yangi tizim 1-oktabrdan to‘laqonli ishga tushiriladi va kelgusi bir yilda o‘rta biznesda sanoat sohasida 2 mingta va xizmatlarda 10 mingta yangi loyihalar moliyalashtiriladi.
Ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qo‘shimcha $1 mlrdlik xizmatlar ko‘rsatish, $5 mlrdlik mahsulotlar ishlab chiqarish, 350 ming yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish mumkin bo‘ladi.