Avvalroq O‘zbekistondagi xalqaro aeroportlarning uchib ketish yo‘nalishida ikki yo‘lakli (yashil va qizil) tizim tugatilgani haqida xabar berilgandi. Natijada ularning o‘rnida masofaviy bojxona nazorati joriy etildi.

“Uzbekistan Airports” matbuot xizmati tizim qanday ishlashi haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha u chegaradan o‘tish vaqtini 3 barobarga qisqartiradi.

Shuningdek, bu davlat nazoratining takroriy shakllarini, masalan, qo‘l yukini tekshirish jarayonini ham kamaytiradi va bu faqat aviatsiya xavfsizligi xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

Ular olib chiqish taqiqlangan yoki normadan oshib ketgan tovarlar hamda naqd milliy va xorijiy valyuta aniqlangan taqdirda bojxona organlari xodimlarini nazorat uchun taklif qiladi.

Shuningdek, tizim inspektorlarga kuzatuv kameralari orqali jo‘nab ketayotgan yo‘lovchilarni masofadan turib kuzatish va parvoz ma’lumotlarini tahlil qilish, qo‘shimcha aloqalarni bartaraf etish va yo‘lovchilar harakatini cheklamaslik imkonini beradi.

Aeroport terminallarining butun perimetri bo‘ylab o‘rnatilgan kameralar Bojxona qo‘mitasi xodimlariga real vaqt rejimida masofadan turib vaziyatni kuzatish va faqat alohida yo‘lovchilarni tekshirish imkonini beradi.

Selektivlik tamoyilidan kelib chiqib, bojxona qoidalari buzilganida hamda xavfni boshqarish tizimi ko‘rsatmasi bo‘yicha yo‘lovchilar va ularning qo‘l yuklari aviatsiya xavfsizligi qoidalariga muvofiq belgilangan tartibda ko‘rikdan o‘tkaziladi.


Avvalroq joriy yilning noyabridan"Jarima maydonchasi" axborot tizimi ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi. Unda ushlangan, to‘xtash joylariga joylashtirilgan hamda olib chiqishga ruxsat berilgan transportlar ro‘yxati yuritilib, jarimalar uchun to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘ladi.