18-avgust kuni tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda prezident yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish masalasiga to‘xtaldi.
“Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz. Bizning „neftimiz“ ham, „gazimiz“ ham bu — siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xom ashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, — dedi davlat rahbari.
Mahsulotlar tashqi bozorlarda sifatli, talabgorligi yuqori va raqobatbardosh bo‘lishi uchun ishlab chiqarishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqib, keskin o‘sish qilish zarurligi ta’kidlandi.
Xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3−4 baravar oshib ketganini hisobga olib, davlat eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiradi. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlar kengaytiriladi.
Logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha $100 mln yo‘naltiriladi. Shuningdek, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana $25 mln ajratiladi.
“Yangi O‘zbekiston — raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturi joriy yilda ham davom ettirilib, dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar soni 500 taga yetkaziladi. Ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar davom ettiriladi.
Shuningdek, yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 50 mln so‘mdan grant ajratilishi ma’lum qilindi. Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari mahalliy korxonalarga $3 mlrdlik buyurtma berishga tayyorligi qayd etilgan.
Bundan tashqari, biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalarning faoliyati va ishlash usuli o‘zgartirilishi qayd etildi.