Tadbirkorlar kuni munosabati bilan davlat rahbari soha vakillaridan bir guruhini mukofotladi.
“Har bir mamlakatda tadbirkorlar katta kuch-qudrat bo‘lib kelgan. O‘zbekistonimizda ham iqtisodiyotni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, mahallalarni obod etishga harakat qilyapmiz. Bunga eng katta hissa qo‘shayotgan kim? Tadbirkorlar! Sizlar har biringiz qahramonsiz, fidoyisiz. Biz sizlar bilan faxrlanamiz”, — dedi davlat rahbari.
Biznesga sharoitlar natijasida bu soha izchil rivojlanayotgani qayd etildi. O‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga, yirik korxonalar soni esa 400 taga ko‘paygan. Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi $100 mlndan oshgan. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor $10 mlrdga yetgan.
Prezidentning 18-avgustdagi farmoni bilan mamlakat iqtisodiy qudrati va aholi farovonligini yuksaltirishda namuna ko‘rsatayotgan 44 ta tadbirkor davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Tadbirda ularga unvon, orden va medallar topshirildi.
Ular orasida “Mehnat shuhrati” ordeni bilan “Orient Ceramic” ta’sischisi Ulugbek Rasulov, “Shuhrat” medali bilan “Sino International Invest” direktori O‘ktamjon Artiqov hamda “Nika Medical Service” xususiy klinikasi direktori Nigora Muratova kabilar taqdirlangan.
Bundan tashqari, quyidagilar “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlangan:
- Abdullayev Raxmatjon — “Almerro Group” ta’sischisi;
- Mamatqulov Bekzod — “BMB Trade Group” raisi;
- Manshayev Aleksey — “Kanishka Fur” bosh direktori;
- Mirziyatov Mirtoxir — “Chipland” ta’sischisi;
- Olimov Kaxramonjon — “New retail” ta’sischisi;
- Sharipov Toxir — “Alutex” ta’sischisi.
Avvalroq prezidentning 17-avgustdagi farmoyishiga bilan, 126 ta biznesmen “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangandi.
Ular qatorida “Atlas Invest” direktori Saydolim Nabixodjayev, “Fendo Ideal” ta’sischisi Abdurashid Abdullayev kabilar bor.
2022-yilning avgustida “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni ta’sis etildi. U bilan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini ish bilan ta’minlash, respublikaning eksport salohiyatini oshirish hamda innovatsiyalar joriy qilishda munosib hissa qo‘shayotgan tadbirkorlar ko‘krak nishon bilan rag‘batlantiriladi.