Prezident tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit yaratish borasida muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

“Sizdek shijoatli, ishbilarmon, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarimiz safi karra-karra kengayishidan barchamiz birdek manfaatdormiz. Shu bois biz tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish hisobiga budjetga tushumlarni oshirish yo‘lidan borayapmiz”, — dedi davlat rahbari.

O‘tkazilgan so‘rovlarda 62% tadbirkorlar soliq sohasidagi islohotlarni ijobiy baholagan. Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiya holatlari mavjud.

Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi ta’kidlandi. Soliq ma’murchiligi ham soddalashadi.


Hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.

O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70%i ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsientini qo‘llash, ya’ni “tax gap” tizimi adolatsiz ekanini bildirgan.

Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan “tax gap” bilan bog‘liq.

1-oktabrdan boshlab, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsientini qo‘llash amaliyoti, ya’ni “tax gap” bekor qilinadi.

Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi.

Bunda, 2024-yildan boshlab reytingi yuqori korxonalar:

  • barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi;
  • ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi;
  • qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.

Prezident hozirda kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani va bu korrupsiyaga ham yo‘l ochib berayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Endilikda kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirish qat’iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, alohida ochiq-oshkora platforma yaratilib, soliqchilar ko‘rsatgan xizmatlar sifatiga tadbirkorlarning o‘zi baho beradigan tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Hozirda soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanmoqda. Bunday amaliyot bekor qilinishi ta’kidlandi.

Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai-nazardan uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli me’yorlar belgilanadi.


Tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolari ma’muriy sud vakolatiga o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi.

Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi. Bundan tashqari, soliq yoki kredit qarzini undirish bo‘yicha sud qarori chiqarilganda, penya va foizlar hisoblash to‘xtatiladi.

Hozirgi kunda tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin ko‘rsatkichlarni 16 ta davlat idorasiga topshirishga majbur. Oqibatda 500 ming tadbirkor har yili bunday turli hisobotlarni tayyorlashga 300 milliard so‘m sarflamoqda.

Shu bois 2024-yildan bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatiladi hamda barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, ularning qog‘oz shakli bekor qilinadi. Hozirda 15% hisobotlar qog‘ozda topshiriladi.

Biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalar faoliyati va ishlash usuli o‘zgartirilishi belgilangandi.