Qoraqalpog‘istonlik Islаmbek Turganbayev Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining Marketing fakulteti 4-bosqich talabasi. U 3-bosqichni tugatgach, “Work and Travel” dasturi doirasida Germaniyaga yo‘l oldi va hozirda ushbu davlatda ishlab, sayohat qilmoqda.

Bugungi kunda bu dastur asosida chet davlatlarda ishlashga qiziqadigan yoshlar ko‘p. Shu sababli “Spot” qoraqalpog‘istonlik Islambek Turganbayev bilan “Work and Travel” va unga kerakli hujjatlar haqida suhbatlashdi.


Amerika o‘xshamagach Germaniyani tanladim

Maktabning, chamamda, 8-sinfida o‘qib yurgan kezlarim bizga ingliz tilidan oliygohni yaqinda bitirgan yosh qiz dars bera boshladi. U darslarning birida “Work and Travel” dasturi orqali Amerikaga borib kelganini aytib, video va fotolavhalarini ko‘rsatdi.

O‘sha vaqtda juda havas qilganman va Amerikani, chet elni borib ko‘rish fikri paydo bo‘lgan. Oradan vaqt o‘tib Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga o‘qishga qabul qilindim. Shunda dasturni eslab, o‘zimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim — birinchi mamlakatim AQSh bo‘ldi.

Ammo men sirtqi bo‘limda o‘qiyotganligim uchun Amerikaga bu dastur orqali qabul qilinmadim, so‘ng boshqa yo‘li bordir deb, Germaniyani surishtirdim. Unga borishga ruxsat borligini bilgach, shu davlatga harakat qila boshladim.

“Work and Travel” haqida. Qanday hujjatlar talab qilinadi?

Bu dastur universitetning 1-, 2-, 3-bosqich talabalariga mo‘ljallangan bo‘lib, yozgi 3 oy dam olish vaqtida Amerika, Germaniya kabi davlatlarga borib, ham ishlab, ham sayohat qilish imkoniyatini beradi.

Hujjat to‘plash va topshirish jarayoni ikki bosqichda o‘tadi. Birinchi bosqichda hujjatlaringiz yig‘ilib, yanvarda Germaniyaga “Job offer” uchun jo‘natiladi. Bunda quyidagi hujjatlar kerak bo‘ladi:

  1. Talabalik haqidagi guvohnoma.
  2. “Confirmation” letter.
  3. CV.
  4. Xorijga chiqish pasporti.
  5. Bank hisob-raqami va ma’lumotnoma. Bank hisobida kamida $1000-$1500 miqdorida pul bo‘lishi zarur.
  6. Sug‘urta.
  7. 3x4 foto.

Ikkinchi bosqichda “Job offer” kelgach, viza uchun “Visametric"ga hujjat topshiriladi. Germaniyada ishlash uchun taklifnoma uch oy ichida keladi. Men 20-aprelda vizaga hujjat topshirgandim, u may o‘rtasida chiqdi.

Dasturning afzalligi talabalik davrda chet elga sayohat qilish imkoniyatidir. Uch oyga kelib, soatiga kamida 10 yevrodan ishlab, bilet va hujjatlaringizga ketgan xarajatlarni qaytara olasiz. Germaniyada bu dastur 3 oy bo‘ladi, ishlaysiz va dam olish kunlarida Yevropa bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.

Ishlar xizmat ko‘rsatish yoki qishloq xo‘jaligi sohasida taklif etiladi — fast-fudlar, mehmonxonalar, kafelar, omborlar, yig‘im-terim ishlari. Vakansiyalar turlicha bo‘ladi: fast-fudda kassir, oshxonada yordamchi bo‘lib ishlash, shuningdek, mehmonxona xonalarini tozalash mumkin.

Shuni ta’kidlash kerakki, ish dasturning asosiy tarkibiy qismi hisoblanadi, shuning uchun o‘z imkoniyatlarni real baholab, oshxonada yoki tozalash ishlariga ham ruhan ham jismonan tayyor bo‘lish kerak.

Mehnat sharoitlari ish beruvchiga qarab farq qilishi mumkin: ish tavsifi, kompaniyaning joylashgan joyi, ish va yashash sharoitlari hamda ish haqini sinchiklab o‘rganish kerak.

Aprelda “Job offer” kelgach Germaniyaning “Visametric” degan markazi rasmiy saytidan navbat oldim. Navbatim uch kun deganda keldi.

Viza uchun to‘lov 1,5 mln so‘m atrofida bo‘ladi. U tayyor bo‘lganda elektron pochtaga yoki telefonga sms-xabar keladi.


AQShda bu dastur 4 oy davom etadi (20-maydan 20-sentabrga qadar) — 3 oy ishlab 1 oy to‘liq sayohat qilasiz. “Work and Travel” haqidagi batafsil maʼlumot Davlat departamentining almashinuv dasturlari veb-saytida mavjud. U yerda dastur talablari, qanday ariza topshirish va oʻzingiz uchun muvaffaqiyatli tajribani taʼminlash boʻyicha maslahatlarni topishingiz mumkin.


Qanday qiyinchiliklar kutadi?

Moslashish unchalik qiyin bo‘lmadi. Birinchi kuni va bir hafta madaniy shok bo‘ldi. Hamma o‘z ishi bilan qayergadir shoshib ketayotgan, hech kimning boshqa bilan ishi yo‘q.

Bu yerda ko‘p narsa meni hayratga soldi — tabiatning go‘zalligi, daraxtlarning ko‘pligi, yo‘llarning toza va tekisligi va hokazo. Germaniyaga kelgach hozirgacha Gannover, Gamburg, Berlin, Drezden, Leypsig va boshqa shaharlarda bo‘ldim, hammasi teng rivojlangan.

Ammo til masalasida juda qiynaldim. Yevropaku, ingliz tilini bilaman deb, nemis tilini o‘rganmasdan kelganim, eng katta xatoim bo‘ldi. To‘g‘ri, ingliz tilida gaplashadiganlar ham bor, ammo Germaniyada o‘z tilini birinchi o‘ringa qo‘yishadi.

Ish topish. Men bu yerga katta tavakkal qilib kelganman. Bilet olib, viza chiqqandan keyin ish aniqmas bo‘lib qoldi. Kelgach qayerga borishni bilmay qoldim. Yaxshiyamki bu yerda bir yildan beri tanishlarim yashashadi, ularning yordami bilan fermada ish topildi.

Shunaqa vaqtlarda o‘zingizni tuta olishingiz, chet davlat bo‘lgach har qanday vaziyatga tayyor turish lozim. Kelgach fermada 4 kun ishlay oldim, ish qiyin edi. Undan chiqib ketib 10 kun davomida boshqa ish qidirdim va Bergxaym shahridagi “McDonald's"ga kirdim.

germaniya, work and travel

Shuning uchun Germaniyaga kelmoqchi bo‘layotganlarga nemis tilini o‘rganishni tavsiya qilaman. Shunda ish topish masalasida to‘siqlar ancha kamayadi.

Masalan, agar sizning nemis tilingiz unchalik yaxshi bo‘lmasa (A1-A2 darajasi), siz farrosh yoki xizmatchi sifatida ish topasiz. Mijozlar bilan ishlashni o‘z ichiga olgan bo‘sh ish o‘rinlari uchun nemis tilini B1 yoki undan yuqori darajada bilish kerak.

Keyingi masala — turar joy. Bu yerda kvartirani ijaraga uzoq muddatga olti oydan bir yilga qadar berishar ekan, bunda garov puli ham bo‘ladi. Masalan, bir “kvartira” ijarasi 1000 yevro bo‘lsa, bunda birinchi oy uchun 1000 yevro to‘laysiz va qo‘shimcha 1500−2000 yevro chamasida garov qo‘yasiz. Mebel, idishlar bilan uy egasi ta’minlab beradi.

Kvartiradan chiqib ketayotganda, uni yaxshi holatda topshirsangiz garov pulingizni qaytarib berishadi. Men uch oyga kelganim uchun kvartira topish biroz qiyin bo‘ldi. Shu yerning OLX’ga o‘xshash ilovasi orqali ikki do‘stim bilan oyiga bir odamga 450 yevrodan to‘lanadigan kvartira qidirib topdim. Kvartira narxlari yashaydigan shahringizga qarab o‘zgarib boradi.

Keyingi hayron qoldirgani bu transport infratuzilmasi. Bu yerda transportlar avtobus, metro, poyezd tonggi soat 04:00—05:00 dan tungi 00:00 ga qadar faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari maxsus ilova orqali vaqtlarini tekshirish mumkin.

Masalan, men bitta shaharga boradigan bo‘ldim. Unga borish uchun 3−4 poyezdga o‘tirishim zarur edi. Ilovadagi jadvalga qarab o‘zimga reja tuzib oldim. Poyezdga o‘tirdim, so‘ng bekatga yetganda, keyingi poyezdga o‘tadigan vaqtda ikkinchi poyezd ta’mirlash ishlarimi yoki boshqa sabab bilanmi kechikib qoldi va men 3-poyezdga kechikdim.

Shundan so‘ng tuzgan rejam ham o‘z-o‘zidan o‘zgarib ketdi. Yonimdagilar bu bo‘lib turadigan holat ekanligini ta’kidlashdi. Shu kabi vaziyatlarga ham tayyor turish zarur. Reja har doim ham biz o‘ylagandek bo‘lavermaydi.

Bundan tashqari bu mamalaktda velosiped haydovchilar juda ko‘p. Velosiped bilan harakatlanish uchun sharoitlar yaratilgan. Maxsus svetofor, yo‘laklar, o‘tish joylari, transportlarda maxsus joylar va knopkalari bilan ta’minlangan.

germaniya, work and travel

Xarajatlar

O‘rta hisobda hujjatlar, yashash, transport, sayohat uchun ketgan xarajatlar quyidagicha bo‘ldi:

  • sug‘urtaga — $50;
  • vizaga — $100;
  • Toshkentdan Germaniyaga yetib olishga — $300;
  • “kvartira” ijarasi (3 oy uchun) — 1350 yevro;
  • Germaniyaga kirgan vaqtda “Border Control"da so‘rashganda oylik olgunga qadar, yashashga xarajat uchun qo‘shimcha pulingiz bo‘lishi kerak. Men 300 yevro naqd va $50 kartada olib ketdim;
  • oziq-ovqat uchun o‘rta hisobda oyiga 300−350 yevro atrofida ketadi;
  • transportlar bo‘yicha 1 oyga 49 yevroga “Deutschland” biletini olganman, u bir oyga sotib olinadi. Uni Germaniyaning ichki avtobuslari va poyezdlariga (ICE, IC deganlaridan tashqari) ko‘rsatib harakatlanaverasiz.

Sayohat masalasida Germaniya hududida 49 yevrolik bilet bilan bepul sayohat qilsangiz bo‘ladi. Ikkinchi shaharga o‘tgach, o‘sha mamlakat ichki qatnovlariga boshqa bilet sotib olish mumkin.

Iyulda biz Niderlandiyaning Maastrixt shahriga bordik. Chegaraga qadar 49 yevrolik biletim bilan borib, narigi tarafiga 8 yevroga borish va qaytishga bilet oldim. U 24 soat mobaynida Maastrixtdagi barcha transportlarga o‘tdi.

Yevropa Shengen zona bo‘lganligi uchun ham bir davlatdan ikkinchisiga o‘tishda pasport tekshiradigan maxsus postlar yo‘q, bitta avtobus yoki poyezd bilan o‘tib ketaverasiz.

Keyin Lyuksemburgga borib keldim. Unda ham 5 soat ichida 4 ta transportga minib Lyuksemburgning poytaxtiga bepul yetib bordim. U shahardagi transportlarda harakatlanish bepul ekan, qaytishda ham 49 yevrolik bilet bilan qaytdim.

So‘ng Belgiyaga sayohat qildim. Unga “Flixbus” (Yevropa davlatlari bo‘ylab harakatlanadigan maxsus avtobus) bilan borish 10 yevro va qaytish bileti 8 yevro bo‘ldi. Shunday qilib bir kun ichida Belgiyaning Lej (Liyege) shahrini sayohat qilib qaytdim.

germaniya, work and travel

Maslahatlar

Yuqorida aytib o‘tganimdek, Germaniyaga ushbu dastur doirasida borishni xohlaydiganlar avvalambor nemis tilini yaxshi bilishi zarur. Ikkinchi o‘rinda ingliz tili, qo‘shimcha turk tilini ham bilib kelishni tavsiya qilaman, sababi turk tilida so‘zlashadiganlar ham ko‘p.

Dasturga tayyorlanish sentabr-oktabrda boshlanadi. Yanvarda hujjatlar Germaniyaga jo‘natilishi kerak, keyin 2−3 oydan so‘ng “Job offer” keladi. Bunda va hujjatlar tayyorlash jarayonida Toshkentdagi bir qator agentliklar ham yordam berishi mumkin.

Muhimi, agentlik tanlashda e’tiborli bo‘lish kerak, ishonchliligini, litsenziyasi bor yoki yo‘qligini tekshirish kerak.