“Baliqchilik xo‘jaligi ehtiyojlari uchun suv havzalaridan foydalanish tartibini takomillashtirish hamda baliq ovlash va suv bo‘yi turizmi maskanlarini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabridan tadbirkorlarga ayrim joylarni “E-auksion” savdo platformasida onlayn auksion orqali ijaraga berish belgilanmoqda. Xususan, davlatga tegishli tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) baliqni sanoat usulida yetishtirish, ovlash va qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa maqsadlar uchun ajratiladi.
Bundan tashqari, tabiiy va sun’iy suv havzalari (suv omborlari) hamda daryo atrofidagi qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar quyidagi maqsadlarda ijaraga beriladi:
- suv bo‘yida plyaj zonalarini tashkil etish;
- sport-ishqibozlik turidagi baliq ovlash, baliq ovi;
- qayiqda suzish va suv sayohati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish;
- baliq mahsulotlari, baliq taomlari savdosi;
- umumiy ovqatlanish va boshqa turizm xizmatlarini tashkil etish.
Shuningdek, bu maqsadlarda yengil konstruksiyali qurilmalarni (o‘tov lagerlari majmuasi, konteynerlarni) joylashtirish uchun ajratilishi ta’kidlangan.
2024-yilda 900 ming tonna baliq yetishtirish, 35 240 gektar sun’iy suv havzalarini intensivlashtirib, 513 600 tonna baliq yetishtirish hamda 9 ming xonadonda intensiv usulda baliq yetishtirishni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2024-yildan “Har bir oila — tadbirkor” dasturi doirasida aholi va tadbirkorlarga baliqchilik loyihalarini amalga oshirish uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.
Joriy yilning aprel oyida davlat rahbari tabiiy ko‘llar va daryolarda baliq ovlash bilan cheklanib qolmasdan, ularning bo‘yida mahalliy va xorijiy turistlarni jalb qiladigan ekoturizm maskanlarini barpo etish zarurligi haqida ta’kidlagandi.
Prezidentning 2022-yilning yanvar oyida qabul qilingan tegishli qarori bilan baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkasi 50% miqdorida belgilangan.