“Silk Avia” kompaniyasi Issiqko‘lga muntazam qatnovlarni boshlaydi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, 26-avgust kuni Toshkent-Issiqko‘l-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi parvoz amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Muntazam charter reyslar haftasiga ikki marta — chorshanba va shanba kunlari amalga oshirilib, dam olish mavsumi tugagunga qadar davom etadi.
Aviatashuvchi ushbu yo‘nalishda jami beshta — 26- va 30-avgust kunlari hamda 2, 6 va 9-sentabr kunlari qatnov olib boradi.
Parvozlar “Silk Avia” parkiga kiruvchi ATR72−600 o‘rta masofali turbovintli samolyotlarda amalga oshirilib, 70 tagacha yo‘lovchini sig‘dira oladi.
Chiptalar sotuvi 21-avgustdan boshlanadi va batafsil kompaniya rasmiy sayti, +998(55)501−22−12 telefon raqami hamda xalqaro aeroportlarning chipta kassalaridan bilib olish mumkin.
Avvalroq Rossiyaning “UVT Aero” kompaniyasi Qozon-Samarqand yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirishi uchun ruxsatnoma berilgani haqida ma’lum qilingandi.