Joriy yilning mart oyida “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish jarayonlarini jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 2023−2025 yillarda isloh qilinadigan va operatsion samaradorligi oshiriladigan 31 ta davlat ishtirokidagi yirik korxonalar ro‘yxati tasdiqlandi.
Shuningdek, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, tegishli vazirlik va idoralarning o‘zlariga tegishli aksiya paketlari Strategik islohotlar agentligiga o‘tkazilishi belgilangandi.
Prezidentning 18-avgustda qabul qilingan tegishli qarori bilan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining tashkilotlar ustav kapitalidagi o‘ziga tegishli davlat aksiya paketlari ishonchnoma asosida cheklanmagan muddatga Iqtisodiyot va moliya vazirligiga berilishi belgilanmoqda.
Bu ro‘yxatda “Agrobank”, “Asakabank”, “O‘zsanoatqurilishbank”, “Xalq banki” “Turonbank”, “Qishloqqurilish bank”, “Aloqabank” “O‘zmilliybank”, “Mikrokreditbank” hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinati bor.
Shuningdek, “UzAssets” investitsiya kompaniyasi davlat ishtirokidagi yirik korxonalar hamda banklar rahbarlik lavozimlariga xorijiy mutaxassislarni tayinlash bo‘yicha hukumatga taklif kiritadi.
Avgust oyi boshida “O‘zsanoatqurilishbank"ni xususiylashtirishni tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi.
Shuningdek, quyidagi banklarning aksiyalarini xususiylashtirish va ommaviy joylashtirish muddati ko‘chirilmoqda:
- “Qishloq qurilish bank” IPOsi 2024-yilning martigacha (ilgari — 2022-yilning oktabrigacha) amalga oshirilishi belgilandi;
- “Agrobank”, “Aloqabank”, “Mikrokreditbank”, “Xalq banki”, “O‘zmilliybank” IPOsi 2025-yilgacha (ilgari — 2023-yilning iyuligacha) amalga oshirilishi shart;
- “Asakabank"ni xususiylashtirish muddati 2025-yil oxiriga (ilgari — 2023-yilning oxiri) ko‘chirildi.
Undan keyin “Fitch Ratings” reyting agentligi to‘rtta yirik davlat banklarini xususiylashtirish istiqbollarini baholadi. Tahlilchilar “O‘zsanoatqurilishbank” hamda “Asakabank"ni kamida keyingi yil oxirigacha davlat tasarrufida qolishini ta’kidlashdi.