Hukumat qarori bilan ekologik auditorning malaka sertifikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, malaka sertifikatini berish uchun malaka imtihonini tashkil etish, sertifikatni berish, ekologik auditorlar va ekologik auditorlik tashkilotlarining reyestrlari yuritish bo‘yicha Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi vakolatli organ hisoblanadi.
Ma’muriy reglamentga ko‘ra, malaka sertifikatini berish bo‘yicha xizmatlar davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali ko‘rsatiladi.
Buning uchun talabgor quyidagi talablarga javob berishi kerak:
- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasiga oid (biolog, geolog, gidrolog muhandis, yer geodeziya va kartografiyasi muhandisi hamda suv, atmosfera, yer va yer osti boyliklari muhofazasi mutaxassisliklari) oliy ma’lumotli;
- sohada yoki turdosh sohalarda ketma-ket kamida 3 yillik ish tajribasiga ega.
Vakolatli organ murojaat kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kuni mobaynida talabgorga malaka imtihonini topshirishga ruxsat berish yoki uni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Malaka imtihoni kamida 3 nafar talabgordan iborat guruhning shakllanishiga ko‘ra, biroq har chorakda kamida bir marta o‘tkaziladi.
Imtihon test ko‘rinishida olinadi hamda unda jami 50 ta nazariy savol bo‘ladi.
Shuningdek, imtihondan muvaffaqiyatli o‘tganlarga ekologik auditor malaka sertifikati beriladi. Hujjatning amal qilish muddati — 5 yil.
Davlat xizmati ko‘rsatilganligi uchun BHMning 1 baravari (330 ming so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi.
Reglamentga ko‘ra, ekologik auditorlar har ikki yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishlari shart.
Avvalroq ko‘chmas mulk tarixiga oid ma’lumotlarni onlayn olish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.