Joriy yilning 21-avgust kuni Toshkent shahrining Sergeli tumanida gaz ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda “Hududgazta'minot” matbuot xizmati ma’lum qildi.
Tumanning “Sofdil” mahallasida soat 11:00dan 17:00gacha 472 ta xonadon hamda 6 ta ulgurji iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berilmaydi.
Hududda ta’mirlash ishlari olib borilishi ta’kidlanib, yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun gaz ta’minoti filiali iste’molchilardan uzr so‘ramoqda.
Avvalroq davlat rahbari tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobiga yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash imkoniyati mavjud emasligi haqida qayd etgandi.
“Bizning „neftimiz“ ham, „gazimiz“ ham bu — siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xom ashyodan yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Undan oldin prezident tuman hokimlari, prokurorlari, ichki ishlar va departament rahbarlari qaysi tumanda energiyani o‘g‘rilash davom etsa, noreal qarzdorlik oshib ketsa, elektr va gaz rahbarlariga qo‘shilib javobgar bo‘lishi haqida ogohlantirgandi.