“Ozon” onlayn tijorat kompaniyasi O‘zbekistonda logistika markazini ochadi. Bu haqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, bu bo‘yicha uyushma raisi Faxriddin Boboyev Rossiyaning elektron tijorat kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.

Kompaniya vakillari Rossiya bozorida “Made in Uzbekistan” yorlig‘i ostidagi mahsulotlarga talab ortayotgani mamlakatda “Ozon"ning logistik markazini yo‘lga qo‘yish ehtiyojini yuzaga keltirganini ta’kidladi.

Mazkur logistika markazi orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan quyidagi mahsulotlarni Rossiya savdo tarmoqlari va korxonalariga sotish imkoniyati yaratiladi:

  • charm mahsulotlar;
  • EVA granulalari;
  • sun’iy va tekstil matosidan poyabzallar (mavsumiy yengil hamda bolalar, ayollar va erkaklar poyabzallari);
  • charm-attorlik buyumlari va qorako‘l mahsulotlari.

Tomonlar bu yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini ma’lum qildi hamda logistik markazni tez fursatlarda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy jihatlar muhokama qilindi.

Kompaniya haqida

Ozon” elektron tijorat kompaniyasi 1998-yilda onlayn kitob do‘koni sifatida tashkil etilgan. 2019-yilga kelib, mamlakatdagi uchta onlayn chakana savdo platformasidan biriga aylanadi.

2022-yilda kompaniya daromadi 277,1 mlrd rublni ($2,7 mlrd) tashkil etdi. Mazkur onlayn savdo platformasiga 9 mlndan ortiq mahsulotlarni joylashtirish imkoniyati mavjud.

Jumladan, charm-poyabzal, tekstil mahsulotlari, elektoronika, uy xo‘jaligi mahsulotlarini joylanadi. Kompaniyaning Rossiyadan tashqari, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘izistonda logistik markazlari mavjud.


Avvalroq Xitoyning “Chongqing International Logistics Hub Park” kompaniyasi Navoiy EIZ hududida logistik xab tashkil etishi haqida xabar berilgandi.