Germaniya tashkiloti bilan Qoraqalpog‘istonda turizmni rivojlantirishga qaratilgan vazifalar belgilanmoqda. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bu bo‘yicha “Gesellschaft für internationale Zusammenarbeit” (GIZ) hamkorlikni rivojlantirish tashkiloti hamda Turizm qo‘mitasi tomonidan “2023−2026-yillarda Qoraqalpog‘iston turizmni barqaror rivojlantirish” strategiyasi ishlab chiqildi.
Strategiya “O‘zbekiston hududlarida iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror iqtisodiy rivojlantirish” loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Loyiha turizm mahsulotlarini diversifikatsiya qilish va xizmatlar sifatini ko‘tarish, infratuzilmani yaxshilash, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini yaratish, sohada eksport ko‘rsatkichini oshirish va tashqi turizm bozorlarida targ‘ibot ishlarini olib borish, yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.
Strategiyada quyidagilarni amalga oshirish belgilangan:
- hududda yulduz toifali mehmonxonalar tashkil etish;
- mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun transport-logistika tizimini yaxshilash, mahalliy hamda xorijiy avia/temir yo‘l qatnovlarini tashkil qilish;
- tajriba va bilimga ega bo‘lgan ingliz, rus, nemis, fransuz, italyan, turk, ispan tillarida so‘zlashuvchi gidlarni tayyorlash;
- sayyohlarning qolish davomiyligi (tunash) va ular tomonidan sarflanadigan xarajatlarni yiliga o‘rtacha 7−10%ga oshirish;
- marketing choralarini ko‘rish va xalqaro sayyohlik platformalarida Qoraqalpog‘iston turizm mahsulotlarini joylashtirish.
Shuningdek, 2026-yilga kelib xorijiy turistlar sonini 180 ming (2022-yilda 50 ming) va mahalliy turistlar sonini 1 mln (2022-yilda 552 ming)ga, turizm xizmatlari eksportini $13,5 dan $60 mlnga, joylashtirish vositalarida esa xonalar sonini 1 005 tadan 1 905 taga yetkazish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, strategiyaga muvofiq, Xorazm viloyati bilan qal’a turizmini rivojlantirish, Savitskiy muzeyi, Orol dengizi, Sudoche ko‘li va Ustyurt imkoniyatlaridan samarali foydalanish belgilangan.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtirilishini qayd etgandi.
Davlat rahbari 2022-yilda Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgandi. Natijada yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi.
Buning uchun uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro-Urganch-Xiva” va uzunligi 196 kilometr bo‘lgan “Miskin-Nukus” temir yo‘l liniyalari elektrlashtiriladi. Loyihaga $460 mln yo‘naltirilishi belgilangan.
Bu liniya ishga tushirilgach, “Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva” an’anaviy turistik zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shiladi va xorijiy va mahalliy sayyohlarning 4−5 kungacha bo‘lishini ta’minlash, turistik xizmatlar eksportini $100 mlnga yetkazish imkoniyati yaratiladi.
Joriy yil boshida Britaniyaning “Bradt Travel Guides” sayyohlik nashri Qoraqalpog‘istonni “Alohida sayohatlar-2023” ro‘yxatiga kiritgandi.