Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban bilan uchrashdi.
Unda O‘zbekiston bilan Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zaro savdo hajmi ortib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yetakchi korxonalar kooperatsiyasi kuchaymoqda.
Bundan tashqari, Vengriyaning “Bonafarm”, “Gedeon Richter”, “Meditop”, “Wizz Air” kabi yirik kompaniyalari O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik loyihalarida faol qatnashmoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni yanada ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Joriy yilning 20-avgustidan Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilishi ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirishga xizmat qiladigan muhim voqea bo‘lishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, prezident “OTP” banki boshqaruvi raisi Shandor Chanini qabul qildi.
Davlat rahbari Vengriya ishbilarmonlari bilan hamkorlikdagi birinchi yirik loyiha — “OTP” bankning O‘zbekiston bozoriga kirishi muvaffaqiyatli amalga oshirilganini ta’kidladi. “Ipoteka-bank"ni xususiylashtirish bo‘yicha bitim xorijiy investorlarga muhim ishora bo‘ldi.
2022-yilning dekabrida Vengriya banki “Ipoteka bank"ni sotib oldi. Aksiyalarning 75%i hozir, qolgan 25%i esa birinchi bitim moliyaviy yopilganidan uch yil o‘tib sotilishi belgilangan.
Uchrashuvda O‘zbekiston bank-moliya sohasini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish, biznes uchun innovatsion va arzon mahsulotlarni joriy etish borasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surishning samarali moliyaviy vositalarini tez fursatda ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyevning Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan o‘tgan uchrashuvida kelishuvlarni amalga oshirish jarayonida faol muloqot va almashinuvlar davom etayotgani qayd etildi.
O‘zaro tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘smoqda. Joriy yilning 1-iyulidan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Qo‘shma korxonalar soni 2,5 mingdan oshdi.
Yil boshida Toshkentda Vengriya kompaniyalari uchun sanoat zonasi tashkil etilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Mart oyida prezident Vengriya Bosh vaziri bilan uchrashgandi.
Aprel oyida O‘zbekiston va Vengriya Maxsus investitsiya jamg‘armasini tashkil etilishi ma’lum qilindi. Jamg‘armaning ustav kapitali 50 mln yevroni tashkil etib, uning ta’sischisi Vengriya Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi huzuridagi Milliy investitsiya xoldingi bo‘ladi.
May oyida O‘zbekiston va Vengriya poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqilib, iyul oyida aviaqatnovlar “Qanot Sharq” aviakompaniyasi tomonidan amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Shuningdek, ikki mamlakatga viza olish tartibini soddalashtirishga kelishildi.