Hukumatning transport vositalarida tashishda harakat xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, avtobuslarda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimini nazorat qilish qurilmalari bo‘lganda yo‘lovchilarni tunda shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro muntazam yo‘nalishlarda ichki ishlar organlari hamrohligisiz tashishga ruxsat beriladi.
Bunda 2024-yil 1-yanvardan:
- shaharlararo, viloyatlararo va xalqaro yo‘lovchi tashuvchi avtotransportlar haydovchilarining ish vaqti tabellar, yo‘l varaqlari, chiptani hisobga olish varaqlari taxograf ko‘rsatkichiga asosan hisobga olinadi;
- mehnat va dam olish rejimiga rioya etilishini nazorat qiluvchi inspektorlar zarur qurilmalar bilan ta’minlanadi.
Qarorga ko‘ra, muntazam yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish qoidalarini buzganlik, mehnat va dam olish rejimiga rioya etmaslik holatlari yuzasidan Transport nazorati inspeksiyasi xodimlari tomonidan bayonnoma tuzish va ma’muriy javobgarlikni belgilashni nazarda tutuvchi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.
Shuningdek, quyidagi tartiblar joriy etiladi:
- sochiluvchan (qadoqlanmagan) qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, qurilish va maishiy chiqindilarni, shuningdek, boshqa to‘kiladigan (issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari) yuklarni N, O3 va O4 toifadagi bortli va o‘zi ag‘daruvchi avtotransportlarda majburiy tartibda brezent yoki polivinilxlorid qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan bort sathidan oshirmasdan va bortga mustahkam qotirilib, yuza qismi to‘liq yopilgan tarzda tashish;
- “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning 2023-yil 10-sentabrdan temir yo‘l transportida mahalliy yuklarni (tosh ko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, koks, ma’dan va ma’dan kontsentratlari) ichki yo‘nalishlarda ochiq turdagi vagonlarda bortidan oshirib yuklanganda, yukni tashishda brezent yoki polivinilxlorid qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan qoplangan holda tashish.
Avvalroq “Spot” Toshkentdan Chorvoqqa avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.
Harakat har kuni uch grafik asosida amalga oshiriladi hamda yo‘lkira narxi 15 ming so‘mni tashkil etadi.