“Silk Avia” aviakompaniyasi Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1-sentabrdan 3-sentabrgacha barcha yo‘nalishlar uchun chegirmalar e’lon qiladi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, aviakompaniya 1-avgustdan 31-avgustgacha e’lon qilingan chegirmalar davrini uzaytiradi, shuningdek, byudjet chiptalar sonini ko‘paytiradi.

Xususan, bayram kunlari Buxoroga 223 ming so‘mga, Namangan yoki Farg‘onaga 131 ming so‘mga, Samarqandga 157 ming so‘mga yetib olish mumkin bo‘ladi.

Aviachiptalarni www.silk-avia.com rasmiy veb-saytida, +998 (55) 501−22−12 aloqa markazi operatorlari orqali, xalqaro aeroportlar kassalarida va iOS hamda Android platformalari uchun mavjud ilova orqali arzon narxlarda xarid qilish va tariflar bilan tanishish mumkin.

“Silk Avia"da uchta tarif mavjud. ODDIY tarifida faqat 5 kg qo’l yuki taqdim etiladi — yuklar maxsus o’lchamga mos kelishi kerak — 40 sm x 30 sm x 20 sm.

OSON tarifida ham chiptalar qaytarilmaydi, lekin qayta bron qilish va 10 kg gacha qo’shimcha bagaj olish imkoniyati mavjud. OMAD tarifiga 20 kg gacha yuk, qayta bron qilish va chiptani qaytarish kiradi.


Avvalroq “Uzbekistan Airways” kompaniyasi Mustaqillik bayrami munosabati bilan 1-sentabrdan 3-sentabrgacha barcha mahalliy yoʻnalishlar boʻyicha tariflarga 50% chegirma e’lon qilgandi.

Qayd etilishicha, chegirma Let L-410 havo kemalarida amalga oshiriladigan aviaqatnovlar uchun amal qilmaydi.

Aviachiptalarni “Uzbekistan Airways” rasmiy sayti orqali, shuningdek, “Uzbekistan Airways Sales” filialida va aviakompaniyaning agentlaridan xarid qilish mumkin.