Shavkat Mirziyoyevning Ozarbayjonga rasmiy tashrifi davomida mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev bilan tor doiradagi uchrashuvi o‘tkazildi.
Unda parlamentlar, hukumatlar, hududlar, tashqi siyosiy va boshqa idoralar, tahliliy doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani qayd etildi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari energetika, mashinasozlik, metallurgiya, shaharsozlik, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar, to‘qimachilik, ipakchilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasini kengaytirishni muhokama qildi. Qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paygan.
Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida O‘zbekiston-Ozarbayjon investitsiya kompaniyasi faoliyatini ta’minlash muhimligi qayd etildi.
Transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, O‘rta koridor orqali yuk tashishni ko‘paytirish, logistika va portlar infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish zarurligi ta’kidlandi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, yangi kooperatsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish va ilgari surish uchun ikki mamlakat hududlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish muhimligini qayd etishdi.
Tomonlar madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim va fan sohasida qo‘shma dasturlarni amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
Xalqaro terrorizm, ekstremizm, narkotrafik, kiberjinoyatlarga qarshi kurashish borasida sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Yaqin yillarda uchinchi mamlakatlardan qimmat importning o‘rnini milliy ishlab chiqaruvchilarning arzon va sifatli mahsulotlari bilan bosish orqali tovar ayirboshlashni $1 mlrdga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yilda O‘zbekiston yuklarini Boku porti orqali tashish hajmi qariyb ikki barobar oshdi. Mamlakat bundan buyon ham Ozarbayjon transport tarmog‘idan foydalanib, yuk tashishni ko‘paytirish niyatida.
Transkaspiy yo‘lagi doirasida qo‘shma logistika kompaniyasini tashkil etish hamda Boku shahri va uchinchi mamlakatlar portlarida omborxona infratuzilmasi va logistika markazlarini barpo etish choralari muhokama qilindi.
Yakunda davlat rahbarlari qo‘shma “yo‘l xarita"larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini ta’sis etishga topshiriq berishdi.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
Tomonlar o‘rtasida Oliy davlatlararo kengash tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomani imzolandi. Bundan tashqari, tashrif doirasida davlatlar, hukumatlar va idoralar darajasida 15 ta hujjat qabul qilindi. Bular qatorida quyidagilar bor:
- 2023−2024 yillarda har tomonlama strategik sheriklikni chuqurlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”;
- energetika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida;
- yoshlarga oid siyosat va sport sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar;
- Media sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”.
Bundan tashqari, fuqarolarning vizasiz qatnovlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, “E-permit” ruxsatnoma blanklarini elektron almashish axborot tizimini joriy qilish, oila va bolalarni muhofaza qilish, oziq-ovqat xavfsizligi borasida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, xavfsizlik kengashlari kotibiyatlari o‘rtasidagi, kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi.
Avvalroq Ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari hamda 250 dan ortiq kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazilgandi.