“Spot” o‘zbek tili targ‘ibotchilaridan biri Mirzo Zominiy bilan tadbirkorlar va top-menejerlar ish faoliyatlari davomida nimalardan foydalanishlari haqida so‘zlab berishadigan “Ryukzakda nima bor?” nomli loyihani davom ettiradi.

Bu safargi materialda “Korzinka” supermarketlari tarmog‘i asoschisi Zafar Hoshimov bilan suhbatlashdik.

U kunini va ishini nimalarsiz tasavvur qilolmasligi haqidagi savollarga javob berish uchun ish stolida foydalanadigan va ryukzagida olib yuradigan narsalari haqida ma’lumot berdi.

Tadbirkorning ofisiga tashrif buyurib, uning ish stolini ko‘zdan kechirganimizda, u yerda kompyuter, printer, xonadagi qurilmalarni masofadan boshqaruvchi pultlar, yon daftarchasi, kalkulyator va hokazolarga ko‘zimiz tushdi.

Intervyuning to‘liq qismi bu yerda:



Yon daftar, kalkulyator va ko‘zoynak

Yonimda olib yuradigan va stolimda turadigan ikkita yon daftarim bor. Balki oldingi avlod vakili bo‘lganim uchunmi, biror-bir fikr kelsa, uni elektron devaysga yozmayman.

Ko‘pincha avvaliga qalamda qog‘ozga tushiraman, so‘ngra elektron variantga ko‘chiraman. Negaki, elektron devaysga fikrimni qayd qilaman desam, fikr qochadi.

Shuningdek, ish stolimda doim turadigan narsalardan biri bu kalkulyator hamda hujjatlardagi kerakli joylarni belgilab ko‘rsatish uchun rangli belgilagichlardir. Uning qaysi rangidan qachon foydalanishimni xodimlarim ham bilishadi.

Menda ikkita telefon bor. Bittasidan Toshkentda vaqtimda, ikkinchisidan esa chet el safarlarida yurganimda foydalanaman.

Ko‘zoynagimni hamma tanisa kerak. “Montblanc” brendidan bo‘lgan ko‘zoynagimga 11 yil bo‘ldi. Unga juda o‘rganib qolganman. Shu vaqtga qadar linzasini faqat bir marotaba o‘zgartirishimga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘zoynak orqali ancha ko‘p narsalarni ko‘rganman.

menejerlar, ryukzagda nima bor, tadbirkorlar

Men ko‘p safarlarda yuraman. Shuning uchun bu yerda elektron kitoblar va podkastlarni o‘qib beruvchi “speaker” ham bor. O‘qishga imkoniyatim bo‘lmaganda, uni ryukzagimga ilib olib, safarlarga olib ketaman. Shuningdek, “Amazon"ni elektron yordamchisi bor, u ham elektron kitoblarni o‘qiy oladi.

Endi ryukzagimga o‘tsak, bu yerda chet elda ishlatadigan telefonim va albatta “power bank” hamda kerakli ma’lumotlarni olib yurishga “USB flesh-disk” bor.

Kitoblar

Men birdaniga bir nechta kitob o‘qiyman. Hozirgi kunda mana shu ikkita kitobni o‘qiyapman.

menejerlar, ryukzagda nima bor, tadbirkorlar

“Spot” izohi:

“The Three-body problem” — xitoylik ilmiy fantastika yozuvchisi Lyu Tsisinning ilmiy-fantastik romani. Bu yozuvchining “Yerning o‘tmishi xotirasi” trilogiyasi birinchi qismidir, ammo xitoylik o‘quvchilar odatda trilogiyani birinchi roman nomi bilan qabul qilishadi.

“Mythos” — britaniyalik yozuvchi Stiven Fray tomonidan yozilgan, 2017-yilda chop etilgan kitob. Bu Fray tomonidan tanlangan bir qancha qadimgi yunon miflarining qayta hikoyasidir.

Shuningdek, har xil devayslar — ulash uchun moslamalar va noutbukimni quvvatlovchi qurilma bor.

Notebook va iPad

Men “Acer” kompaniyasining “Porsche Design” rusumidagi noutbuki va “Apple” brendiga tegishli “iPad"dan foydalanaman. Uning qalami kerakli qaydlarni yozib yurishga juda qulay.

Yana bu yerda ortiqcha qog‘oz sarflamaslik uchun elektron tashrif qog‘ozim bor, uni skaner qilganda barcha kerakli ma’lumotlar telefon ekranida paydo bo‘ladi. Shuningdek, elektromobilim kaliti, kartalar va har xil hujjatlar turadigan hamyonim doim yonimda yuradi.

Ryukzagimni o‘ziga keladigan bo‘lsak, undan foydalanishni boshlaganimga uch oy bo‘ldi. Uni menga kerakli narsalarning barchasini o‘zida sig‘dira olgani uchun ma’qul ko‘raman. Bir-ikki kunga safarga ketishim kerak bo‘lganda, unga ikkita ko‘ylak va shim solib ketishim mumkin.