Oliy Majlis Senati valyutani tartibga solishga, ijara va lizing munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi.
Qonun tadbirkorlarining eksport salohiyatini kengaytirishga, ijara va lizing sohasida fuqarolik-huquqiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan.
Ijara to‘g‘risidagi qonunga keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasining aniq ta’rifi kiritilib, shartnoma obyektini tasarruf etish va garovga qo‘yish hamda undiruvga qaratishning o‘ziga xos xususiyatlari aks ettirilmoqda.
Qonun bilan, ijaraga beruvchi o‘ziga tegishli mol-mulkni keyinchalik sotib olish sharti bilan tegishli shartnoma asosida berilganda ijaraga oluvchi shartnoma shartlari bajarilganidan so‘ng mulk qilib topshirish, ijaraga oluvchi esa ijara to‘lovlarini shartnomada belgilangan muddatlarda to‘lash majburiyatini olishi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, keyinchalik sotib olish sharti bilan ijaraga berish shartnomasi tuzilgan paytdan e’tiboran shartnomada ko‘rsatilgan mol-mulk garovga qo‘yilgan hisoblanib, uni boshqa shaxslarga garovga berish yoki boshqacha tarzda tasarruf etish taqiqlanmoqda.
Shuningdek, lizing to‘g‘risidagi qonunga lizing shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, shartnoma tuzilgan vaqtdan shartnoma obyekti lizing beruvchi tomonidan majburiyatlar bajarilishini ta’minlash uchun lizing oluvchida garovga olingan hisoblanishi to‘g‘risidagi qoida kiritilmoqda.
Lizing beruvchi lizing oluvchining roziligini olmay turib, lizing obyektini boshqacha tarzda tasarruf etish huquqiga ega emasligi belgilanmoqda.
Qolaversa, undiruvni lizing obyektiga qaratishdan oldin uning qiymatini lizing oluvchi tomonidan to‘liq to‘lash orqali mulk qilib olishi mumkinligi ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, valyutani tartibga solish to‘g‘risidagi qonunga yangi norma kiritilmoqda.
Unga ko‘ra, bir eksport shartnomasi doirasida jami yetkazib berilgan mahsulot qiymatining 5%idan oshmagan qismi bo‘yicha xorijiy valyuta tushumi ta’minlanmaganligi oqibatida vujudga kelgan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlarga nisbatan jarima qo‘llamaslik nazarda tutilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlarning eksport salohiyatini va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlangan xabarda.
Ijara va lizing munosabatlarida qonuniylikni ta’minlash va firibgarlik jinoyatlarini oldini olish hamda lizing munosabatlari huquqlarini ta’minlaydi.
Avvalroq Senatorlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovarlarga iste’mol kreditini berishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlash bo‘yicha qonun loyihasini ma’qullagandi.