E’tibor qarating: ma’lumotlar faqat nashr etilgan vaqtdagina aktual hisoblanadi va ma’lumot olish uchun taqdim etilgan. Aniq ma’lumotga ega bo‘lish uchun “Spot” to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank bilan bog‘lanishni tavsiya qiladi.
“Spot” talabalar uchun banklardagi ta’lim kreditlari haqida ma’lumotlarni va uni olish shartlarini o‘rganib chiqdi.
Maqola nashr qilingan vaqtda mavjud 35 ta bankdan 12 tasida talabalar uchun ta’lim kreditlari ajratilmoqda.
Banklar kredit mablag‘larini 7 yildan 15 yilgacha bo‘lgan muddatga, to‘lov-kontrakt shartnomasi summasidan kelib chiqqan holda berishadi.
Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilingan, shuningdek, o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan talabalarga beriladi.
Kreditning foiz stavkasi Markaziy Bankning amaldagi asosiy stavkasi (hozirda 14%) doirasida hisoblanadi.
Xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti bo‘yicha foizlarini so‘ndirish Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan so‘ndiriladi.
Ta’lim kreditining talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab (ya'ni olti oy o‘tib) 7 yil davomida qaytariladi.
Rasmiylashtirish
Ta’lim kreditini rasmiylashtirishda kerak bo‘ladigan asosiy hujjatlar quyidagilar:
- pasport;
- qarz oluvchining oxirgi 12 oy mobaynidagi moliyaviy ahvolini tasdiqlovchi hujjatlar (jamg‘arib boriladigan pensiya taʼminoti tizimi orqali aniqlanadi);
- talaba va oliy o‘quv yurti o‘rtasida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan taʼlim shartnomasi;
- birgalikda qarz oluvchi sifatida qatnashuvchi jismoniy shaxslarga doir hujjatlar;
- krеdit qaytarilishi ta’minotiga doir hujjatlar.
Ro‘yxat alifbo tartibida tuzilgan va banklarni tartiblamaydi. Ma’lumotlar banklarning rasmiy saytlari va call-markazlaridan olindi.
Bank nomi | Yillik stavka | Berilish muddati |
Aloqabank | 14% | 7 yil |
Asakabank | 14% | 7,5 yil |
Agrobank | 14% | 7 yil |
Ipotekabank | 14% | 7 yil |
Hamkorbank | 14% | 7 yil |
Mikrokreditbank | 14% | 15 yil |
Orient Finans Bank | 14% | 7 yil |
Turonbank | 14% | 7,5 yil |
Qishloqqurilishbank | 14% | 7 yil |
Xalq banki | 14% | 7 yil |
O‘zsanoatqurilishbank | 14% | 7 yil |
O‘zmilliybank | 14% | 13,5 yil |
Avvalroq “Spot” talabalarga ta’lim kreditini onlayn ajratish xizmati ishga tushirilishi haqida yozgandi.
Bundan tashqari, ta’lim sohasida Yagona portal orqali amalga oshiriladigan onlayn xizmatlar soni oshiriladi.