Ijtimoiy tarmoqlarda metan “zapravka"larda navbatning uzayib borayotgani, bunga ayrimlarining yopiqligi sabab bo‘layotgani hamda bu metan narxining oshishidan darak bo‘lishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalmoqda. Energetika vazirligi bu bo‘yicha munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, barcha metan “zapravka"larga avgust oyi uchun ularning talablariga asosan belgilangan limitda tabiiy gaz to‘liq yetkazib berilgan. Hech qanday cheklov kiritilmagan.

Qaysidir metan “zapravka” o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turgan bo‘lsa bu qandaydir texnik sabablar yoki boshqa bir omil tufayli bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, metan “zapravka"larda sotiladigan bir kub gaz uchun belgilangan narx oshgani yo‘q.

Agar narxlar o‘zgaradigan bo‘lsa, aholi va boshqa iste’molchilar qonunchilikda o‘rnatilgan belgilangan tartibda ma’lum muddatlarda tabiiy gaz narxining oshirilishi haqida avvaldan ogohlantiriladi.

Vazirlik agar “zapravka"larda gaz narxining asossiz oshirilishi holatlari kuzatilsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 raqamiga qo‘ng‘iroq qilishni so‘ramoqda.

Avvalroq Nukusda metan zapravka 3,8 mlrd so‘mlik tabiiy gazni talon-toroj qilgandi. Noqonuniy sarflangan 3,8 mln metr kub miqdoridagi tabiiy gaz 19 mingdan ortiq xonadonning bir oylik iste’moliga yetardi.