Ko‘p kvartirali uylarni boshqarishni samarali tashkil qilishga qaratilgan prezident qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, mamlakatdagi chegaralari belgilanmagan ko‘p kvartirali uylarning tutash yer uchastkalari chegaralari belgilanib, “Yerelektron” axborot tizimiga kiritiladi.
2024-yildan ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar notariuslar tomonidan mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin tasdiqlanadi.
Shu bilan birga, majburiy badallarning yoki to‘lovlarning eng kam miqdori Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan belgilanadi.
Agrotexnik ishlov berishdan hosil bo‘ladigan (daraxt va buta shox-shabbalari, barglari) va ko‘p kvartirali uylarga tutash hududlarni tozalashdan hosil bo‘lgan chiqindilarni to‘plash punktlarida yoki chiqindilarni olib chiqib ketish operatorlari bilan kelishilgan maxsus joylarda yig‘ishga ruxsat etiladi.
Shirkatlar va boshqaruvchi tashkilotlarning hududiy elektr tarmoqlari korxonalari oldidagi qarzdorligi va ular uchun hisoblangan jarimalarning to‘lov muddati 2024-yilning 1-oktabrigacha kechiktiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga quyidagi qo‘shimcha vakolatlar beriladi:
- ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari va joylar mulkdorlari tomonidan issiqlik ta’minotidan foydalanishda normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish;
- ko‘p kvartirali uylardagi umumiy mol-mulk va ularga tutash yer uchastkalarida amalga oshirilgan ta’mirlash-tiklash ishlarining qonunchilik hujjatlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq bajarilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish.
2022-yili koʻp kvartirali uylar konstruksiyalarini noqonuniy oʻzgartirganlik uchun javobgarlik kuchaytirilgandi. Xususan, boshqarish qoidalarini buzish mansabdor shaxslarga BHMning 15 baravari (4 mln 500 ming soʻm) miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.
Joriy yilning aprel oyida qabul qilingan prezidentning tegishli farmoni bilan, 2025-yilgacha ayrim qurilish materiallari va xomashyo turlariga bojxona boji bekor qilindi.