O‘zbekistonda fan va ta’lim sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning avgust oyiga nisbatan 74%ga oshgan. Bu haqda hh.uz xabar berdi (“Spot"da mavjud).
Takliflarning asosiy qismi xususiy maktablar va qo‘shimcha ta’lim markazlariga to‘g‘ri keladi. Ko‘pincha nodavlat ta’lim muassasalari chet tili, dasturlash va ijodiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarni qidirmoqda.
Yil davomida o‘qituvchilarning faol rezyumelari soni uch barobar oshdi. Biroq, sohada malakali mutaxassislar kam.
Servis ma’lumotlariga ko‘ra, murojaat etuvchilar asosan, maoshlarning pastligidan shikoyat qiladi.
Platformada o‘qituvchi va repetitorlarga o‘rtacha 3,5 mln so‘m yoki o‘tgan yozga nisbatan 16%ga yuqori maosh taklif qilingan.
Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilariga eng yuqori maosh to‘lashga tayyor — 30 mln so‘mgacha.
Ulardan keyingi o‘rinlarda xorijiy tillar o‘qituvchilari (25 mln so‘m) va xususiy maktablarning boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari (10 mln so‘m) turibdi.
Avvalroq sun’iy intellekt ish o‘rinlarini avtomatlashtirishi mumkinligi haqida ta’kidlangandi.