Meva-sabzavot kabilarni yetishtirishga imtiyozli kreditlarni onlayn olish mumkin bo‘ladi

Qishloq xo‘jaligi sohasida raqamli texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan prezidentning tegishli qarori bilan “Raqamli qishloq xo‘jaligi” yagona platformasi tarkibida “Agroplatforma” axborot tizimi joriy etiladi.

Tizim paxta, boshoqli don, meva-sabzavotlar yetishtirish uchun imtiyozli kredit ajratish jarayonlarini raqamlashtirish hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga shaffoflik tamoyili asosida xizmat ko‘rsatishi belgilangan.


Banklarning ustav kapitali 200 mlrd so‘mga oshiriladi

Yangi tahrirdagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun bilan banklarning ustav kapitali oshirilishi belgilangan.

Joriy yilning 1-sentabridan bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Mazkur miqdor 2024-yilning 1-apreligacha amalda bo‘ladi.


Ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari edo.ijro.uz tizimiga o‘tkaziladi

“Ma'muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident farmoni bilan ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari edo.ijro.uz tizimiga o‘tkaziladi.


Tamaki va alkogol ichimligi savdosi yangi tartibda amalga oshiriladi

Aprel oyida “Aholini sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi prezident qarori qabul qilingandi.

Hujjat bilan, iste’molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq qilmish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Tamaki mahsulotining ulgurji va chakana savdosi, alkogol ichimligining (pivo) ulgurji savdosi xabardor qilish tartibida amalga oshiriladi.


Xususiylashtirilgan mulk haqida order va sertifikat DXM yoki Yagona portalda beriladi

Prezidentning “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori bilan, ko‘chmas mulk obyektlari va davlat ulushlari xususiylashtirilganligi to‘g‘risidagi davlat namunasidagi order va sertifikat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali beriladi.

Shuningdek, “E-auksion” elektron savdo platformasida elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

o'zgarishlar, qonunchilik

Har chorakda joyiga chiqqan holda investitsiya majburiyatlarining bajarilishini oraliq monitoring qilish tartibi bekor qilinadi.

Investitsiya majburiyatlarining bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni qog‘oz shaklida taqdim etish tartibi bekor qilinib, tegishli davlat organlari va tashkilotlarning elektron bazasini “Davlat mulki” axborot tizimiga integratsiya qilish va tadbirkorlar elektron tizimga kiritadigan ma’lumotlar orqali hisobotlarni olish yo‘lga qo‘yiladi.


Sanoat ipotekasi tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5%, milliy valyutada 10% stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi.

Sanoat korxonalariga 1 yil muddatgacha xorijiy valyutada 4%, milliy valyutada 10%stavkada aylanma mablag‘ taqdim etiladi. Bunda, olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15%lik avans to‘lovlari ham jamg‘arma tomonidan kredit qilib beriladi.

Marketing, loyihalashtirish, xorijiy mutaxassis jalb qilish xarajatlarining $20 minggacha qismiga kompensatsiya to‘lanadi.

Bundan tashqari, sanoat ipotekasi tizimi yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonalari tashkil etiladi.

Sanoat zonalarida ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, investitsiya majburiyatlari bajarilgandan so‘ng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.


Subsidiya ajratish bo‘yicha xizmatlar onlayn amalga oshiriladi

2023-yilgi davlat dasturiga muvofiq, 1-sentabrdan aholi va tadbirkorlarga subsidiya ajratish bilan bog‘liq barcha xizmatlar yagona elektron platformaga o‘tkaziladi.

Shuningdek, subsidiyalarni ajratishning maqsadga muvofiqligini elektron platforma orqali onlayn tekshirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.


Temir yo‘l transportida mahalliy yuklarni tashish yangi tartibda amalga oshiriladi

“O‘zbekiston temir yo‘llari"ning temir yo‘l transportida mahalliy yuklarni, jumladan, tosh ko‘mir, qo‘ng‘ir ko‘mir, koks, ma’dan va ma’dan kontsentratlarini tashishda yangi tartib joriy etiladi.

Bunda ichki yo‘nalishlarda ochiq turdagi vagonlarda bortidan oshirib yuklanganda, yukni tashishda brezent yoki polivinilxlorid qoplamali materiallardan tayyorlangan tent bilan qoplangan holda amalga oshiriladi. U 10-sentabrdan amal qiladi.


“Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi yo‘lga qo‘yiladi

Muntazam ravishda “Yong‘indan ogohlik” umummilliy kampaniyasi amalga oshirilib, unda quyidagilar tatbiq etiladi:

  • ta’lim tashkilotlarida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in sodir bo‘lgan vaziyatda harakat qilish bo‘yicha uslubiy mashg‘ulotlar o‘tkazish;
  • davlat tashkilotlari, tadbirkorlik va boshqa tashkilotlarda ish joylarida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;
  • jamoat joylarida, ta’lim tashkilotlarida, ish joylarida va turar joy komplekslarida o‘t o‘chirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazish.

Shuningdek, Favqulodda vaziyatlar vazirligining davlat yong‘in nazorati organlariga tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar, yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan obyektlarda tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha quyidagicha vakolatlar beriladi:

  • bir yilda ko‘pi bilan bir martadan batafsil (dastlabki) tekshiruv va nazorat tekshiruvini o‘tkazish;
  • jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari, shuningdek, OAV va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlar asosida tezkor tekshiruvlar o‘tkazish;
  • bir vaqtning o‘zida 50 nafardan ko‘p odam to‘planadigan joylarda (bozorlar, savdo-ko‘ngilochar majmualari, umumiy ovqatlanish korxonalari va boshqalar) davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan har chorakda kamida bir marotaba monitoring va profilaktika tadbirlarini o‘tkazish.

Bog‘cha va shifoxonalar ratsioniga asal mahsuloti kiritilishi mumkin

1-sentabrdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va shifoxonalardagi bemorlarning kunlik iste’mol ratsioniga asal mahsulotini kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Bu haqda “Asalarichilik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va qishloq xo‘jaligi ekinlarini asalari bilan changlatishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi hukumat qarorida keltirilgan.


Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasidan ID-karta orqali o‘tishga ruxsat beriladi

Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolari boshqa sayohat hujjatlari bilan bir qatorda ikki davlat hududiga kirish, chiqish, harakatlanish va qolish uchun ID-kartalardan foydalanishlari mumkin.

o'zgarishlar, qonunchilik


OTMlarda ekologiya bo‘yicha vazir stipendiyasi ta’sis etiladi

Oliy ta’lim muassasalarida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri stipendiyasi ta’sis etiladi. Bunda quyidagi yo‘nalishlar uchun ajratiladi:

  • ekologiya;
  • atrof-muhitni muhofaza qilish;
  • o‘rmonchilik;
  • “yashil” iqtisodiyot va gidrometeorologiya;
  • boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlar.

To‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotgan talabalarning bir yillik to‘lov-kontrakt summasi qoplangan holda, har oyda BHMning 3 baravarida (990 ming so‘m), davlat granti asosida ta’lim olayotgan talabalarga har oyda BHMning 6 baravarida (1 mln 980 ming so‘m) stipendiyalar tayinlanadi.


Melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganlik talonini berish bekor qilinadi

Tadbirkorlarga jismoniy shaxslarning 100 ot kuchigacha quvvatga ega qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish faoliyati bilan shug‘ullanishlariga ruxsat beriladi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga texnik ko‘rikdan o‘tganligi to‘g‘risida talon berish amaliyoti bekor qilinadi.

Biroq xorijiy davlatlarga ishga yuboriladigan texnikalar uchun bu amal qilmaydi.


Hududlarda “Direktorlar kengash"lari tashkil etiladi

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlariga o‘z o‘rinbosarlarini ishga qabul qilish va ishdan bo‘shatish, ajratilgan umumiy soatlar doirasida o‘quv rejalariga 15%gacha o‘zgartirish kiritish masalalarini mustaqil hal qilish huquqi beriladi.

Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahrida eng tajribali umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlaridan iborat bo‘lgan “Direktorlar kengash"lari tashkil etiladi.

Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini lavozimiga tayinlash mazkur kengash tavsiyasiga asosan Qoraqalpog‘iston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmalari tomonidan ochiq tanlov asosida amalga oshiriladi.


Yoqilg‘i-energiya sohasidagi huquqbuzarliklarni xabardor qilgan aholi rag‘batlantiriladi

Aholi tomonidan Energetika vazirligi tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.

Bu kabi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborganlar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.

o'zgarishlar, qonunchilik

Shuningdek, huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.



Tadbirkorlarning yer va mol-mulk soliqlari hisoboti bilan soliqchilar shug‘ullanadi

Tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisobot topshirmaydi. Bu ishlar bilan mahallaga biriktirilgan soliqchilar shug‘ullanadi.

Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi mas’ul bo‘lishi belgilandi. Bunda, yillik aylanmasi:

  • 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan mikro biznes vakillari bilan mahalladagi soliq xodimlari;
  • 10 mlrd so‘mgacha bo‘lgan kichik tadbirkorlar bilan tuman soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
  • 100 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘rta biznes korxonalari bilan viloyat soliq rahbari va uning o‘rinbosarlari;
  • 100 mlrd so‘mdan yuqori bo‘lgan yirik korxonalar bilan esa Soliq qo‘mitasi o‘rinbosarlari shaxsan ishlab, ularning muammolarini hal qilib boradi.

Zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlarga chora ko‘riladi

Seysmik faol zonada joylashgan seysmik xavfsizligi III-IV toifaga kiruvchi ko‘p kvartirali uylardagi umumiy foydalaniladigan joylarda (zinapoya yo‘laklari, cherdak va umumiy foydalanishdagi oshxonalarda) shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning hamda yerto‘la va birinchi qavatidagi zilzilabardoshlikka ta’sir qiluvchi konstruksiyalarga o‘zboshimchalik bilan kiritilgan o‘zgartirishlar aniqlanadi.

Aniqlangan noqonuniy holatlar bo‘yicha qonunchilikka muvofiq choralar ko‘riladi.

Seysmik xavfsizligi II-IV toifadagi qurilayotgan yoki mavjud obyektlarning konstruksiyasini o‘zgartirish (qavatlar sonini o‘zgartirish, yonma-yon qurish, ustiga qavat qurish) bo‘yicha qurilish ishlarini boshlashga faqat loyihaning o‘zgartirilgan shaharsozlik hujjatlari qayta ekspertizadan o‘tkazilib, ijobiy xulosa olingandan so‘ng ruxsat etiladi.


Qishloq xo‘jaligiga oid ilmiy loyiha va dissertatsiya mavzulari vazirlik bilan kelishiladi

Oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik, innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, inson resurslarini rivojlantirish masalalari yangi tashkil etiladigan agroklasterlar, kooperativlar va sohadagi boshqa yirik korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yishda litsenziya va ruxsat etish tartibidan biri etib belgilanadi.

Shuningdek, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari tomonidan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohasida ilmiy loyihalar va dissertatsiyalar mavzularini shakllantirish hamda ularni Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan kelishish tizimi joriy qilinadi.


Sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar onlayn shakllantiriladi

Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi haqidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining “Tezkor ma’lumotlar” yagona axborot tizimida avtomatik ravishda onlayn shakllantiriladi.

Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanganligi haqidagi ma’lumotnoma sudlanganlik muddati tugagan yoki sudlanganlik olib tashlangan sananing ertasidan kechiktirmasdan tegishli shaxsning Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi shaxsiy kabinetiga avtomatik ravishda bepul yuboriladi.


Turagentlarning ikkita xorijiy tildagi saytga ega bo‘lish talabi bekor qilinadi

Turagentlarning elektron to‘lovlar, bron qilish xizmatlarini ko‘rsatadigan kamida ikkita xorijiy tildagi veb-saytga ega bo‘lishi bekor qilinadi.

Shu bilan birga, turoperatorlarning elektron to‘lovlar xizmatlarini ko‘rsatadigan veb-saytga ega bo‘lishi talabi ham amal qilmaydi.

o'zgarishlar, qonunchilik


O‘quvchilar 2ta xorijiy til va 1ta kasb-hunarga o‘rgatiladi

Qonunchilikka ko‘ra, har bir tuman (shahar)dagi bittadan maktabda o‘quvchilarni 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.