Yagona portal orqali xalqaro imtihon topshirish xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha xizmatlar to‘liq onlayn amalga oshiriladi.
Shaxsiy kabinetga xalqaro imtihon xarajatlarini qoplab berish bo‘yicha xabarnoma yoki SMS kelgach, “davlat xizmatini davom ettirish” tugmasini bosib jarayonni davom ettirish mumkin.
Undan keyin, bank plastik karta raqami kiritilib, “yuborish” tugmasi bosiladi.
Talabgorga pul mablag‘i bir bank kuni davomida (soat 09:00dan 17:00gacha) o‘tkazib beriladi.
Xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash 2021-yildan boshlangan. Hozirda xalqaro imtihon turlari soni 18taga yetgan. Tizim orqali 18mingdan ortiq arizalchining imtihon xarajatlari qoplab berilgan.
Xizmatdan havola orqali foydalanish mumkin. Bunda tegishli tartibda ariza jo‘natish bepul.
Yoshlar ishlari agentligi 15 kalendar kun davomida maxsus sertifikatni verifikatsiyadan o‘tkazadi. Agar haqiqiyligini aniqlash imkoni bo‘lmasa, buni tasdiqlashni so‘rab xorijiy tashkilotga so‘rov yuboradi.
Haqiqiyligi tasdiqlanganch, 15 kun mobaynida ariza beruvchilarning reyestri shakllantiriladi. Xalq banki filiali arizalari tasdiqlanganlarga kompensatsiya to‘lovini amalga oshiradi.
Shuningdek, Yagona portal orqali xalqaro IT-sertifikatlarini olish xarajatlarining 50%gacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi. Buning uchun Yagona portal orqali ro‘yxatdan o‘tib, ariza jo‘natish zarur.
Avvalroq xalqaro IT-sertifikatlarga sarflangan xarajatlarni to‘liq qoplab berish bo‘yicha hukumatning tegishli qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 1-oktabridan ingliz tilidan B2 va undan yuqori darajaga ega bo‘lgan yoshlarning xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibi joriy etilishi belgilanmoqda.