Turkmaniston O‘zbekistonga yiliga 2 mlrd kub metr tabiiy gaz yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda O‘zbekiston energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamaxmudov Turkmaniston davlat axborot portaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 4-avgust kuni Ashxobod sammitida “Turkmangaz” va “UzGazTrade” o‘rtasida Turkmanistondan O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

24-avgust kuni O‘zbekiston energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya Turkmanistonga tashrifi doirasida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar Turkmanistondan O‘zbekistonga yiliga 2 mlrd kubometr gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli shartnoma imzoladi.

“Bu faqat boshlanishi, chunki biz o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning yanada keng istiqbollarini muhokama qildik. Bu uzoq muddatga va yetkazib berishni ko‘paytirish bilan uzoq muddatli shartnoma ishlab chiqishni o‘z ichiga oladi”, — dedi Jo‘rabek Mirzamahmudov.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Turkmaniston elektr energiyasi va uning uchinchi davlatlarga tranziti, neft mahsulotlari va kimyo mahsulotlarini yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni muhokama qildi.

“Bugun tuzilgan shartnoma tufayli Turkmanistondan yetkazib beriladigan tabiiy gaz O‘zbekistonning ichki ehtiyojlariga sarflanadi va aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va transport vositalarining ortib borayotgan talabini qondirishga xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Energetika vaziri.

2022-yilning dekabr oyida Turkmanistondan O‘zbekistonga tabiiy gazi importi 1,5 mlrd kub metrga oshirilishi haqida xabar berilgandi.

Biroq, oradan ko‘p o‘tmay Turkmaniston sovuq havo tufayli O‘zbekistonga gaz eksportini to‘xtatdi. Bunga sovuq ob-havo tufayli yuzaga kelgan texnik sabablar keltirilgandi.

Joriy yilning 21-yanvaridan esa O‘zbekistonga gaz eksportini qayta tikladi.

4-fevralda Turkmaniston O‘zbekistonga bepul suyultirilgan gaz yetkazib berishi, bu bo‘yicha mamlakat prezidenti tegishli farmon imzolagani haqida xabar berildi.


Avvalroq “Spot” joriy yilda O‘zbekiston Xitoyga quvur orqali qiymati $295,3 mlnlik gaz yetkazib bergani haqida yozgandi.