Namanganga 100 ta yangi avtobuslar olib kelinadi, deya xabar bermoqda Transport vazirligi matbuot xizmati.

Bu bo‘yicha, viloyat hokimi o‘rinbosari Saidahmad Sultonov Toshkentda “Yutong bus” kompaniyasining MDH mamlakatlari bo‘yicha prezidenti Djeff Syao boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.

Unda viloyat aholisiga ko‘rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini yaxshilash maqsadida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi korxonalar harakat tarkibini yangilash, avtobuslar sotib olish va ularga servis xizmatlari ko‘rsatishni tashkil etish bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi.

Muzokaralar davomida “Humo Avto Plyus” hamda “Yutong Hongkong Limited” kompaniyasi o‘rtasida 100ta ZK6890HG modelidagi avtobuslarni sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolandi.

Shuningdek, Xitoy kompaniyasi Surxondaryoga ham avtobus yetkazib berishi rejalashtirilmoqda.

Xorazmning “Bunyodyo‘lovchitashish” kompaniyasi Xitoyning “Zhongtong Bus Holding” zavodi bilan 100ta avtobus sotib olish bo‘yicha shartnoma imzolagan hamda joriy yilning yakunigacha olib kelinishi rejalashtirilgan.

Iyul oyida Xitoyning “Yutong”, “Hikvision” va “Magnetic North” kompaniyalari bilan memorandum imzolangandi.


Avvalroq sentabrda Toshkentda 9ta yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi.