Har qanday biznes loyihaning, turli brendlarning o‘z tarixi bor. Bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l, loyihadagi keskin burilishlar hamda muvaffaqiyatli qadamlar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi tabiiy.
“Spot” “Biznes tarixi” sahifasini davom etadi. Bu gal moda olamida o‘z nomiga, o‘z o‘rniga ega — “Hugo Boss” brendining tarixiga nazar tashlaymiz.
Uning bugungi kungacha qanday shakllangani, qanday jarayon va yo‘llardan o‘tgani ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lishi mumkin.
Brend asoschisi
Hugo Ferdinand Boss 1885-yil 8-iyulda Germaniyaning kichik Metzingen shahrida tug‘ilgan. U Geynrix Boss va Luiza Myunzenmayer oilasida beshinchi farzand edi.
Uning ota-onasi ichki kiyimlar do‘koniga ega edi. Gyugoning oilaviy biznesdagi ishtiroki, shuningdek, sotuvchi va oddiy ishchi sifatidagi faoliyati uning muvaffaqiyatli tadbirkor bo‘lishiga yordam berdi.
Foto: “Hugo Boss” brendi asoschisi Hugo Ferdinand Boss
Hugo Boss yaratilishi va faoliyati
1923-yilda Boss ish va sport kiyimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha o‘z kompaniyasini tashkil etdi va uni to‘liq kiyim fabrikasiga aylantirdi.
1924-yilda u ikki sherik bilan birgalikda ommaviy ishlab chiqarishni boshladi. Assortimentda ko‘ylaklar, kurtkalar, ish va sport kiyimlari bor edi.
1930-yillarda fashistlar partiyasining kelishi bilan Boss fashistlarning formalarini ishlab chiqarishni va sotishni boshladi va oxir-oqibat Germaniya harbiy hukumatini Gitler yoshlari kabi tashkilotlar uchun formalar bilan ta’minladi. “Hugo Boss” hatto “Gitlerning tikuvchisi” deb ham atalgan.
Ikkinchi jahon urushi va 1948-yilda asoschi vafotidan so‘ng kompaniya ishi tadbirkorning kuyovi Yevgen Xoliga o‘tgan. Ikkinchi jahon urushidan keyin kompaniyaning asosiy mahsulotlari pochtachilar va temir yo‘lchilar uchun ishchi kiyimlar edi.
1950-yil “Hugo Boss” uchun muhim yil bo‘ldi. Aynan o‘sha paytda kompaniya zamonaviy erkaklar kostyumlarini tikish uchun birinchi buyurtmani oldi.
Ish hajmi va yuqori sotuvlar korxona xodimlarining kengayishiga olib keldi. Keyingi 10 yil davomida firma asosan erkaklar kostyumlarini sotdi.
1970-yillarning oxiriga kelib, “Hugo Boss” allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan savdo belgisi edi. Kompaniya taniqli “Formula 1” poygachilariga homiylik qila boshladi.
1975-yilda kompaniya avstriyalik dizayner Verner Baldesarinini hamkorlikka jalb qildi. U brendning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi va u “Hugo Boss” bosh dizayneri lavozimiga taklif qilindi.
Foto: “Hugo Boss” brendi bosh dizayneri bo‘lgan Verner Baldesarini
Kompaniya nihoyat xalqaro bozorga chiqishga va Yevropada mustahkam o‘rin egallashga muvaffaq bo‘ldi. 1976-yildan beri Hugo Boss Amerikada o‘z targ‘ibotini boshladi.
1985-yildan boshlab kompaniya o‘zining parfyumeriya mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshladi. Hozirda “Hugo Boss"ning yuzga yaqin turli xil hidlari mavjud.
Kompaniyaning asosiy brendi bo‘lgan “Boss Man” uchta sho‘ba korxonaga bo‘lingan — “Black Label” (biznes va dam olish uchun kiyim), “Orange Label” (shahar sport kiyimlari) va “Green Label”.
2000-yilda brend “Boss Woman” — ayollar kiyimlarini taqdim etdi. Rossiyada kompaniya o‘zining birinchi savdo belgisini 2002-yilda ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Brendning yangi tarixi
2002-yilda Baldessarini o‘rnini brend konseptsiyasini bir necha bor o‘zgartirgan Bruno Seltser egalladi. U to‘plamlarni qayta ishga tushirdi, modellarni qayta tikladi, talab qilinmagan mahsulotlardan xalos bo‘ldi.
Dizaynerning yangiliklari natijalari noaniq edi — rentabellik jadvali barqarorlik bilan maqtana olmadi, shuning uchun kompaniya egalari Seltser tomonidan 2008-yilda afsuslanmasdan iste’foga chiqish xatini imzoladilar.
Bir nechta top-menejerlarni almashtirgandan so‘ng, aksiyadorlar 2016-yilda “Hugo Boss” moliyasini boshqargan Mark Langerni bosh direktor etib tayinlash orqali to‘g‘ri qaror qabul qilishdi.
Foto: “Hugo Boss” brendi bosh direktori bo‘lgan Mark Langer
Langer foyda keltirmaydigan savdo nuqtalarini yopdi, Dubay va Xitoy shaharlarida bir nechta do‘konlar ochdi, yuqori darajadagi dizaynlar savdosini oshirdi, qo‘lda ishlangan kolleksiyalarni qayta ishga tushirdi va brendning iqtisodiy kiyim segmentini kengaytirdi.
2016-yilda kompaniya “Boss Orange” va “Boss Green” brendlaridan voz kechishi haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Korxonaning mahsulotlari ko‘pincha qalbakilashtiriladi, turli mamlakatlarda kontrafakt mahsulotlar bilan partiyalar doimiy ravishda kechiktiriladi.
2022-yil 26-yanvarda “Hugo Boss” o‘zining asosiy brendi bilan yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qildi. Deyarli 50 yil ichida birinchi marta logotipni yangilash orqali (oddiyroq va minimal shrift bilan) kompaniya yosh avlodga murojaat qildi.
Nemislar o‘z rebrendingidan foydalanishni rejalashtirmoqda: “Hugo Boss” 2025-yilga borib 100 ta eng mashhur brendlar qatoriga kirishni va kapitalini ikki barobarga — $4,5 mlrdga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Hozir kompaniya kiyim-kechak, kosmetika, ko‘zoynak, aksessuarlar, parfyumeriya, paypoq, poyabzal va soatlarning keng assortimenti bilan to‘qsondan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritmoqda. Kompaniyada “Hugo Boss”, “Hugo” va “Baldessarini” yorliqlari ostida uchta erkak kiyim brendi mavjud.
Bugungi kunda Hugo Boss
Hozirgi vaqtda brend quyidagi yo’nalishlarda ishlaydi:
- “BOSS Black Label” — premium toifadagi aksessuarlar va kiyimlar;
- “BOSS Selection” — hashamatli toifadagi aksessuarlar va kiyimlar;
- “BOSS Green” — golfchilar uchun sport kiyimi;
- “BOSS Orange” — aksessuarlar va kundalik kiyimlar;
- “BOSS Woman” — bu ayollar biznes kiyimlari liniyasi;
- HUGO — aksessuarlar va yoshlar kiyimlari.
“Procter & Gamble” bilan birgalikda kompaniya erkaklar uchun 40 dan ortiq atirlar ishlab chiqaradi.
“Hugo Boss” mahsulotlari 120 mamlakatda 6000 do‘konda sotiladi.
Yillar davomida kino, sport, musiqaning eng mashhur yulduzlari va butun dunyoning eng yaxshi moda modellari brendning yuziga aylandi.