Yaponiyaning sayyohlik kompaniyasi o‘zbekistonlik talabalarni amaliyotga jalb qilmoqchi. Bu haqda “Dunyo” nashri xabar berdi.
Bu bo‘yicha O‘zbekiston elchixonasi xodimlari bilan Yaponiyaning “H.I.S. Co. Ltd” sayyohlik kompaniyasi menejerlari o‘rtasida o‘tkazilgan onlayn uchrashuvda muhokama qilindi.
Shu bilan birga, mamlakatdan sayyohlar oqimini oshirish, hamkorlikda yangi turizm kontentlari sifatida ekoturizm, gastronomik, ekstrim turizm yo‘nalishlari bo‘yicha turpaketlar ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.
Yakunda tomonlar o‘rtasida kelishuv amalga oshirildi. Bu O‘zbekiston OTMlarining turizm yo‘nalishida ta’lim olayotgan talabalarni “H.I.S” kompaniyasida qisqa muddatli amaliyot o‘tash masalasini o‘z ichiga oladi.
Avvalroq Yaponiyaning “Muroo” kompaniyasi yapon tilini o‘rgatishga ixtisoslashgan O‘zbekiston OTMlarida bakalavriatning oxirgi bosqichlarida o‘qiyotgan talabalarni o‘qishni bitirgungacha tayyorlab, “yuqori malakali ishchi” toifasida mamlakatda ishga qabul qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Bu borada yapon kompaniyasi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va OTM o‘rtasida uch tomonlama shartnoma asosida ishlarni tashkil etishga tayyor ekani ta’kidlangan. Natijada, yiliga 100 ga yaqin o‘zbekistonliklar Yaponiyada ish bilan ta’minlanadi.