Mustaqillik bayrami munosabati bilan pensiya to‘lovlari oldindan to‘lab beriladi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligi sabab joriy yilning 1-sentabr (juma) hamda 2−3 sentabr (shanba va yakshanba) dam olish kuniga to‘g‘ri keladi.

Mamlakatdagi keksa yoshdagi fuqarolarni, pensiya va nafaqa oluvchilarni, nogironligi bo‘lganlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, naqd pulsiz (bank karta) shaklda oluvchi fuqarolarga pensiya va nafaqa to‘lovlari oldindan amalga oshiriladi.

Xususan, joriy yilning sentabr oyi uchun pensiya va nafaqalar 29−31 avgust kunlari bank plastik kartalarga o‘tkazib beriladi.

Naqd pul shaklida pensiya va nafaqa oluvchilarga esa to‘lovlar 4-sentabr kun boshidan Xalq banki sayyor kassalari tomonidan grafikka muvofiq amalga oshiriladi.

Joriy yilning 1-avgustidan zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori oshirilgandi.


Avvalroq naqd pul ko‘rinishidagi pensiya va nafaqalarni yangi tartibda berish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgandi.