Pokiston O‘zbekiston va Tojikiston bilan bojxona ma’lumotlari almashinuvini tashkil etish ustida ishlamoqda, deb yozadi “Business Recorder”.
Raqamli tashqi savdo platformasi davlat operatori “Pakistan Single Window” direktori Sayid Aftab Hayderning nashrga ma’lum qilishicha, yangi tizim chegaradan o‘tayotgan tovarlarga oid hujjat aylanishini to‘liq raqamlashtirish imkonini beradi.
Yil oxirigacha O‘zbekiston va Tojikiston bojxona organlari bilan shartnomalar tuzish rejalashtirilgan. Ungacha “PSW” Xitoy bilan onlayn hujjat almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlarni yakunlaydi.
Xitoyning “yagona darcha” bojxona tizimi bilan integratsiyalashuvi doirasida onlayn rejimda uzatiladigan ma’lumotlar to‘plami kengaytiriladi. Tizimda tovarlar deklaratsiyasi bilan bir qatorda kelib chiqish sertifikatlari, fitosanitariya hujjatlari, transport ma’lumotlari ham mavjud bo‘ladi.
Hayder bunday almashinuv deklaratsiya qilinmagan tovarlar yetkazib berilishiga to‘sqinlik qiladi, degan fikrda. Hozirda tizim operatori barcha mamlakatlar uchun transchegaraviy savdoning yagona tartibini joriy etish maqsadida tranzit savdo rejimlarini qayta ko‘rib chiqish rejasini tayyorlamoqda.
“„PSW“ tizimi 2022-yilda ishga tushirilgan va hozirda deyarli 70 mingta foydalanuvchiga ega. „Yagona darcha“ Pokiston tashqi savdosida qog‘ozbozlikni sezilarli darajada qisqartirdi”, — deydi Hayder.
Mamlakatda qo‘llaniladigan savdo hujjatlari QR-kodlarini joriy etish bilan to‘liq standartlashtirilgan. Jahon banki “PSW"ni ishga tushirishdan tejalgan mablag‘ni taxminan $430 mlnga baholadi.
Iyun oyida Bosh vazir Abdulla Aripov Belarusdan Afg‘oniston va Pokistonga yangi multimodal transport koridorini yaratish taklifini bildirgandi.