Shavkat Mirziyoyev raisligida maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga sharoit yaratish vazifalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. “Spot” unda ilgari surilgan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.
“O‘qituvchining obro‘si oshsa, maktabning obro‘si oshadi, ilmning, ta’lim-tarbiyaning qadri ko‘tariladi. Shu sababli, muallim va o‘quvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratayapmiz”, — dedi davlat rahbari yig‘ilish boshida.
Natijalar, muammolar
6 mlndan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetdi
O‘tgan davrda muallimlarning oylik ish haqi o‘rtacha 2,5 baravar oshdi. Chet tili, IT, matematika, kimyo, biologiya bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikati bor o‘qituvchilarga ustama, chekka hududga borib ishlagan muallimlarga alohida to‘lov joriy etildi.
Natijada 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetdi, 10 mln so‘mdan yuqori oylik oluvchilar 1000dan oshdi. Yana 2000ga yaqin o‘qituvchilarga vazir jamg‘armasidan qo‘shimcha ustamalar to‘lanyapti.
Maktablar yuklamasini kamaytirish maqsadida 700 ming o‘quvchi o‘rni yaratildi. Bu — avvalgi yillarga nisbatan 15 baravar ko‘p.
“Ko‘p yoshlarimiz qiziqishi va qobiliyatiga mos kasb-hunar egallashni afzal ko‘rayotgani ham davr talabi. Shu bois bolalarimizga maktabdayoq kamida ikkita chet tili, kompyuter va kasb-hunarni o‘rgatsak, qo‘lida hunari bo‘lsa, hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘ladi”, — dedi prezident.
51 mingta chet tili o‘qituvchisidan atigi 17 mingtasi “C-1” darajasiga ega
Hozirda boshlang‘ich sinflarda 11 ta, yuqori sinflarda 16 ta fan o‘tilayotgani bilan o‘quvchilar aniq bir yo‘nalishda chuqur bilimga ega bo‘lmay maktabni bitirayotgani qayd etildi.
Masalan, 107 ta tumandan talaba bo‘lganlar oliygohga kirish imtihonlarida matematika bo‘yicha maksimal ballning yarmini ham yig‘a olmagan. Fizika, kimyo va biologiya bo‘yicha ham birorta tuman va shaharda maqtagulik natija yo‘q.
O‘tgan yili 220 ming muallimdan 86 ming nafari yoki 37%ining bilim va ko‘nikmasi “qoniqarsiz” baholangan. Ayniqsa, hozirda talab yuqori bo‘lgan informatika, fizika, ingliz tili, matematika va kimyo fani o‘qituvchilarining bilimi “qoniqarsiz” ekanligi aniqlangan.
Yoki, 51 ming nafar chet tili o‘qituvchilaridan atigi 17 ming nafari (33%i) “C-1” darajasiga ega. Vaholanki, 2025-yildan boshlab chet tilidan faqat “C-1” darajasi bor o‘qituvchilar dars o‘tishi mumkin bo‘ladi.
31ta tuman va shaharda hokimlar maktab ta’miriga mablag‘ ajratmagan
O‘tgan 6,5 yilda 320 ming xonadonli yangi uy-joy barpo etilgani bilan ularga mos quvvatdagi maktablar qurilmadi.
Yangi qurilgan massiv va mahallalarda hozirning o‘zida 350 ming yangi o‘quvchi o‘rinlariga talab bor.
So‘nggi yillarda 70 ming o‘rinli 350 ta xususiy maktab tashkil etildi (2018-yilgacha jami 30 ta bo‘lgan).
Toshkent shahri va Farg‘onada xususiy maktablar salmog‘i qolgan hududlardan ancha yuqori. Lekin Navoiyda atigi 3 ta, Surxondaryoda 4 ta, Sirdaryoda 7 ta xususiy maktab bor.
Yoki, qo‘shimcha 150 ming o‘quv o‘rniga ehtiyoji bo‘lgan Samarqandda bor-yo‘g‘i 6 300 o‘rinli 35 ta xususiy maktab ishlayapti.
Hokimlarga ular maktab infratuzilmasini yaxshilash to‘g‘risida bosh qotirishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Masalan, maktablarni ta’mirlashga bu yil mahalliy budjetdan 135 mlrd so‘m ajratildi. Biroq, 31ta tuman va shaharda hokimlar ushbu maqsadlar uchun mablag‘ bermagan.
Maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari Oqdaryo tajribani o‘rganishadi
Bu yil 387 ming nafar o‘quvchi maktabni tamomlab, 138 mingtasi oliygohlarga o‘qishga kirgan, yana 54 mingtasi professional ta’lim bilan qamrab olinadi.
Qolgan 195 ming nafar yoshlar qayerga borishi, ular ertaga ish topa olmasa, kim bo‘lishi haqidagi savollarga na viloyat va tuman hokimlari, na soha mutasaddilarida javob yo‘qligi ta’kidlandi.
Oqdaryodagi 32-maktabda tadbirkorlar bilan hamkorlikda o‘quvchilarni kasbga o‘qitish tajribasi yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu maktabda o‘quvchilar 7-sinfdan boshlab mahalla va tumanda talab yuqori bo‘lgan veterinar, agronom, meva-sabzavot quritish, ipakchi, mebelchi, avtomobil ustasi kabi 15 ta kasb-hunarga o‘rgatilmoqda, ularga 2 ta chet tili o‘qitilmoqda.
Eng muhimi, bu ishlar mahalliy budjet va tadbirkorlar hisobidan tashkil qilingan bo‘lib, o‘quvchilar bu yerda ish haqi olmoqda.
Barcha viloyatlar maktab ta’limi boshqarmalari rahbarlari Oqdaryoga borib, bir hafta davomida ushbu tajribani o‘rganishi shartligi ta’kidlandi.
Samarqand viloyati hokimiga keyingi o‘quv yiliga qadar viloyatdagi har bir tumanda 10 tadan maktabda bu tizimni joriy qilish, qolgan viloyat hokimlariga yil yakunigacha har bir tumanda kamida ikkitadan maktabda ushbu tajribani yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Yechimlar, takliflar
500ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi joriy qilinadi
Ta’lim sifatini oshirish maqsadida respublika bo‘yicha 500ta maktabda Prezident va ixtisoslashgan maktablar o‘quv dasturi, baholash tizimi joriy etiladi. Bunda Prezident va ixtisoslashgan maktablar ularga “tayanch maktab” bo‘ladi.
Bir yilda ularning ishi baholanib, yangi tizimni samarali qo‘llagan o‘qituvchilarga 40%gacha ustama beriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga viloyat hokimlari bilan birga kelasi yildan ushbu 500ta maktabning har biriga 3tadan maktabni biriktirib, yangi tizimni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Bu ishlar orqali yana 1,5 mingta maktabga Prezident va ixtisoslashgan maktablar metodikasi, muhiti kirib boradi.
Umuman, kelgusi besh yilda ushbu tizim barcha maktablarda joriy qilinishi belgilandi.
Bu yilda maktablarda dars berish uchun xorijdan 500 nafar “til egalari” olib kelindi. Yangi tizim joriy qilinadigan maktablar ko‘payishini hisobga olib, kelgusi yilda yana 1,5 ming mutaxassis olib kelinadi.
Kompyuter sinflari uchun 400 mlrd so‘m ajratiladi
Maktablarni kompyuter sinflari bilan jihozlashga davlat budjetidan 320 mlrd so‘m ajratilib, maktablarga 40 mingga yaqin kompyuterlar olib berildi.
Yangi o‘quv yilida ushbu maqsadlar uchun budjetdan 200 mlrd so‘m, mahalliy budjetlardan yana 200 mlrd so‘m ajratiladi.
Yuqori sinfda o‘qitiladigan fanlar 16 tadan 11 taga qisqartiriladi
Oliygohga kirishga ishtiyoqi bor bo‘lgan 10−11 sinf o‘quvchilariga “kimyo — biologiya”, “matematika — fizika”, “matematika — chet tili”, “ona tili va adabiyot — chet tili” fanlari ularning tanlovi asosida chuqurlashtirib o‘qitiladi.
Kasb-hunar egasi bo‘lish istagidagi o‘quvchilarga esa maktabning o‘zida tayyor mutaxassis bo‘lib yetishib chiqish imkoniyati yaratiladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga sentabrdan bu tajribani salohiyati va tayyorgarligi bor 135 ta maktabda yo‘lga qo‘yish topshirildi. Kelgusi o‘quv yilidan kamida 1 mingta maktab ushbu tizimga o‘tkaziladi.
Darslarning mazmuni ham o‘zgarishi ta’kidlandi. Bunda 1-sinfdan kompyuter savodxonligi, yuqori sinflarda moliyaviy savodxonlik darslari joriy etiladi.
Shuningdek, bu yil maktab darsliklariga budjetdan 920 mlrd so‘m ajratildi, boshlang‘ich sinflar uchun to‘liq yangi darsliklar ishlab chiqildi.
Boshlang‘ich sinflar uchun tayyorlangan darsliklarning ikkinchi qismini ham to‘liq hajmda chop etishga topshiriq berildi.
O‘quv dasturlariga qo‘shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi
Endilikda o‘quv dasturlariga qo‘shimcha yangi fanlarni kiritish taqiqlanadi. Barcha yangi takliflar mavjud fanlarga integratsiya qilinib tayyorlanadi.
Shuningdek, barcha fanlarda milliy g‘urur, iftixor, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, vatanparvarlik g‘oyalari targ‘ib qilinishi shartligi qayd etildi.
Bundan uch yil oldin 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yod, vitaminlar va gijjaga qarshi dorilar tarqatish amaliyoti joriy qilingan edi. Natijada bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatadigan qalqonsimon bezi kasalliklari kamaya boshladi.
Joriy yilda ham maktab o‘quvchilariga yod preparatlarini bepul tarqatish davom ettiriladi. Mas’ullarga sentabr oyidan bu ishlarni tizimli tashkil qilib, ota-onalar va o‘quvchilar orasida yod iste’molining foydali xususiyatlarini keng targ‘ib qilish topshirildi.
O‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘ladi
Davlat rahbari o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi to‘liq o‘zgarishini qayd etdi.
Har yili maktablarda 8000 o‘qituvchi ishga qabul qilinadi, yangi maktablar hisobiga yana shuncha o‘qituvchiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.
Bundan buyon o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘ladi. Ilk bor qabul qilingan nomzodlar 1 yil o‘qituvchi-stajor bo‘lib ishlaydi va yil yakuni bilan kasbiy sertifikat olishi lozim bo‘ladi.
Kelgusida bu tizim barcha o‘qituvchilar uchun bosqichma-bosqich joriy qilinadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Singapur va Birlashgan Arab Amirligi tajribasi asosida pedagog kadrlarga kasbiy sertifikat berish tartibini ishlab chiqish topshirildi.
O‘qituvchilarning malakasi tabaqalashgan holda oshiriladi
Ya’ni, malaka oshirishdan oldin o‘qituvchining bilimi diagnostikadan o‘tkaziladi va natijasiga ko‘ra individual kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari belgilanadi.
Bunda muallimning bilim ko‘rsatkichlari baholanadi va past natija olganlari bo‘yicha o‘zi o‘qigan oliygohga reklamatsiya (e'tiroz) yuboriladi.
Bu natijalar pedagogik oliygohlar faoliyatiga uchun ham baho bo‘ladi. Past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar an’anaviy usulda, yuqori natijaga erishganlari onlayn shaklda malaka oshiradi.
Viloyat hokimlariga 14ta malaka oshirish markazini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi. Yil yakunigacha hududiy markazlar boshqaruviga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.
Muallimlarga malaka toifasini berish ikki bosqichda amalga oshiriladi
Muallimlarga malaka toifasini berish ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda pedagogning bilimi dastlabki imtihonda baholanib, 70%dan ko‘p ball to‘plaganlar ikkinchi bosqichga o‘tadi.
Ikkinchi bosqichda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llashi, o‘quvchilar bilan ishlash metodikasi va baholashdagi yondashuvlari tekshiriladi, bilim va mahorati natijalariga qarab, muallimga malaka toifasi beriladi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yil yakuniga qadar yangi tajribani o‘qituvchilarning bilim darajasi past bo‘lgan 20ta tumanda sinovdan o‘tkazishga topshiriq berildi.
Pedagogika universitetlarida o‘qituvchilar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi
Pedagogika yo‘nalishidagi oliygohlar alohida yondashuv asosida rivojlantiriladi.
Buning uchun Oliy ta’lim vazirligida pedagogik ta’limga mas’ul vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi kiritiladi.
Vazirlikda pedagogik ta’lim bo‘yicha alohida Kengash tuzilib, unga pedagogika oliygohlari rektorlari kiritiladi.
Toshkent va Chirchiqdagi pedagogika universitetlarida o‘qituvchilar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi.
Bu oliygohlar pedagogika yo‘nalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” bo‘ladi.
Direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi
Kelgusi o‘quv yilidan kadrlar yetishmaydigan, og‘ir maktablar oldindan tanlanib, ular uchun maqsadli davlat buyurtmasi joriy qilinishi belgilandi.
Ya’ni, kelgusi yillardagi talabni hozirdan aniqlab, zarur mutaxassisliklar bo‘yicha muallimlarni oldindan tizimli tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Maqsadli buyurtma asosida o‘qituvchilarni tayyorlash to‘liq davlat grantiga o‘tkaziladi. Kelgusi o‘quv yili uchun pedagogika oliygohlarining qabul kvotalarini belgilashda ushbu yangi tartib nazarda tutiladi.
Maktab ta’limida boshqaruv tizimi ham o‘zgaradi. Joriy yilda direktorlikka nomzodlarni o‘qitish va bilimini baholashni amalga oshiruvchi “Direktorlar maktabi” tashkil qilindi. Maktabda ta’lim jarayonlari BAA va boshqa xorijiy hamkorlar tajribasi asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Endi direktorlikka nomzodlar faqat sertifikati bor va zaxiraga kiritilgan kadrlar orasidan tanlanadi va muddatli kontrakt asosida ishga olinadi.
Direktorlar va o‘rinbosarlari har 5 yilda bir marta sertifikatsiyadan o‘tadi. Sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilinadi.
Iqtisodiyot va moliya, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklariga kelgusi yildan sertifikatsiyadan o‘tgan direktorlar oyligini 50%ga, o‘rinbosarlar ish haqini esa 30%ga oshirish bo‘yicha hisob-kitoblarni kiritish topshirildi.
Kelasi yili maktablar qurilishiga 3 trln so‘m ajratiladi
Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda o‘quvchi o‘rinlarini ko‘paytirishga alohida to‘xtaldi.
Kelgusi yilda Investitsiya dasturi doirasida maktablar qurilishiga 3 trln so‘m ajratiladi. Buning hisobiga 150 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Bunda asosiy e’tiborni 2 koeffitsientdan yuqori quvvatda ishlayotgan 595 ta maktabni kengaytirishga qaratish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, kam quvvatda ishlayotgan 61 ta kollej binosi o‘rnida maktablar tashkil qilinadi. Natijada, qo‘shimcha 42 ming o‘quvchi o‘rni yaratilishi ta’kidlangan.
Xususiy sheriklik asosida kelgusi yilda 50 ta (35 ming o‘quvchi o‘rni) maktabni barpo etish ishlari boshlanadi.
Xususiy sektorga qo‘shimcha sharoitlar yaratish orqali yiliga kamida 25 ming o‘quvchi o‘rni tashkil qilinadi. Buning uchun tadbirkorlarga xususiy maktab tashkil qilish uchun kreditning 7% qismi budjetdan qoplab beriladi.
Yangi maktab qurish uchun yer maydonlari faqat maktab qurish uchun maqsadli auksionga chiqariladi. Natijada, kelgusi yilning o‘zida 250 ming yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 karra ko‘p o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Har yili 100tadan maktab qurilishiga xususiy sheriklar jalb qilinadi
Davlat rahbari maktab ta’limi qamrovini yanada oshirish yuzasidan mutasaddilarga qator topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga kelgusi yilda 50 ta, 2025-yilda yana kamida 100 ta maktabni xususiy sheriklik asosida qurish bo‘yicha investorlar bilan kelishuvga erishib, amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Umuman, 2030-yilgacha har yili 100 tadan maktab qurilishiga xususiy sheriklarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.
Hukumat va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga bir oy muddatda maktablarga chetdan $1 mlrd jalb qilish bo‘yicha aniq hisob-kitoblar va loyiha takliflarini tayyorlab, xorijiy va xalqaro moliya tashkilotlari bilan amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Viloyat hokimlariga 1-noyabrga qadar demografik o‘sish, aholi joylashuvi va zichligini hisobga olgan holda, kelgusi yilda yangi maktablar qurish uchun yer uchastkalarini aniqlash, Qurilish vazirligi bilan birgalikda 1-fevralga qadar yangi maktablarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqib, tenderlarni e’lon qilish bo‘yicha topshiriq berildi.