“Uzbekistan Airports” “Airports Council International” (ACI) bilan hamkorlikni qayta tikladi, deya xabar bermoqda kompaniya matbuot xizmati.
Tomonlarning o‘zaro hamkorligi pandemiya va aviatsiya sanoatining pandemiyadan keyingi tiklanishi tufayli uzilib qolgandi.
Hamkorlik kompaniya samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan tadqiqotlar, tahlillar, o‘quv va rivojlanish dasturlari, ekspert maslahatlari va seminarlardan foydalanishga qaratilgan.
Bundan tashqari, ACI boshqa aeroportlar va soha mutaxassislari bilan tajriba almashish imkoniyatini ham taqdim etadi.
“Sheriklikning yangilanishi xalqaro aeroportlar bilan munosabatlarning mustahkamlanishiga olib kelishi va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonchimiz komil. „Uzbekistan Airports“ mintaqadagi yetakchi aviatsiya korxonalaridan biriga aylanish va O‘zbekiston xalqaro aeroportlarini mintaqadagi havo xablariga aylantirishni maqsad qilgan”, — deyiladi kompaniya xabarida.
ACI bilan yangilangan hamkorlik “Uzbekistan Airports"ning jahon aeroportlari hamjamiyatining faol a’zosiga aylanishiga hamda sanoatning yetakchi ishtirokchilari bilan tajriba almashishiga yordam beradi.
“Airports Council International” aeroportlarni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha jahon yetakchisi bo‘lib, 179 mamlakatdagi 650 dan ortiq a’zolariga kerakli resurslar, tajriba va hamkorlik imkoniyatlarini taqdim etadi.
Yil boshidan “Toshkent” aeroportining yo‘lovchi tashish hajmi 39%ga oshib, 3 mln yo‘lovchini tashkil etdi. Yilning ikkinchi yarmida yana 4 mlnga yaqin yo‘lovchi oqimi kutilmoqda.